04.12.2019 6257

Abdulla Avloniy - donishmandlarning piri

Abdulla Avloniyning qabri qayerda va biz nima uchun buni kech bildik? Bu haqda sal keyinroq to‘xtalaman.
Kecha talabalar bilan “Avloniy” filmining yopiq premerasida bo‘ldik. Yangi kinoasarda Avloniy portretini xorazmlik aktyor Alisher Yo‘ldoshev maromiga etkazib gavdalantirgan. Kartinada qiziqarli faktlar ko‘p. Tasvirlar jonli. Aktyorlarning grimidan tortib, film dekoratsiyasigacha zamon ruhi ko‘rsatilgan. Ayniqsa, filmdagi dekoratsiyalar, Afg‘oniston qirolining saroyi, o‘sha davr vokzallari, aktyorlarning liboslari menda o‘zgacha taassurot qoldirdi. O‘sha davrga tushganday bo‘ldim. Zamon nafasini his qildim.
Bundan bir vaqt muqaddam ustozim Azamat Ziyo Abdulla Avloniyning qabri Botkina mozorida ekanini aytgandi. Anchadan buyon buyuk bobomizning qabriga borishni niyat qilgandim. Ammo kundalik yugur-yugurlar bilan niyatim ortga surilib kelardi. Bu uchun o‘zimni koyiyman...
Filmni tomosha qilganimdan so‘ng esa ko‘p o‘yladim: “Qodiriyning qabrini bilmasak, Cho‘lponning qabrini izlamasak, Avloniyning qabrini esa endi bildik! Bugungi kunlar ularning qoni va joni evaziga kelgani ko‘pincha yodimizdan chiqib qoladi. Aslida esa boyib ketgan odam eski chorig‘ini boshi tegib turishi uchun eshigining tepasiga ilib qo‘yganidek, biz ham halovatidan kechib, millatga ziyo ulashgan shaxslarning taqdiri, ularning shaxsiyati, boshidan o‘tganlari, o‘limining sabablari, yotgan joylarini unutmasligimiz kerak. Agar unutsak biz manqurtmiz”.
Xullas, o‘zingiz tushunganingizdek, bugun bir guruh kasbdoshlarim bilan Avloniyning mozorboshiga bordik. U Toshkentning Botkina qabristonida yotibdi.
Sizda savol tug‘ilishi mumkin. Avloniyning qabri nima uchun nasroniy, boshqa din va o‘zga millat odamlari dafn etilgan mozorda? Sababi o‘sha davrda ilm-fan, madaniyat, adabiyot va davlat arboblari, kommunistik partiya a’zolari, millatidan qat’iy nazar, shu mozorda dafn etilgan. Avloniy ham o‘z zamonasining yirik davlat arboblari orasida bo‘lgani uchun ham o‘sha erga ko‘milgan. Avloniy nabiralarining aytishicha, hozirgi kunda buyuk ma’rifatparvarning hokini boshqa mozorga ko‘chirish ishlari boshlab yuborilgan.
Yangi usul maktablari asoschisi Avloniy bobomiz “Turon” teatr truppasini ham tashkil etgan. “Shuhrat” va “Osiyo” gazetalari nashrini yo‘lga qo‘ygan jadidlardan biri bo‘lgan.
Film tarixiy syujetlarga boy. Xususan, Avloniyning Afg‘onistonga xavflarga to‘la tashrifi aks ettirilgan. O‘sha zamonning qirol-u bosh vazirlari, rasmiylari bilan muzokaralari yorqin ifodalangan.
Filmda Afg‘oniston qiroli Omonullaxon chig‘atoy tilida so‘zlagani kecha muhokamalarda ko‘pchilikda taajjub uyg‘otdi, bahslarga sabab bo‘ldi. Ammo kecha tunda “Vikipediya”ga kirib, uning otasi amir Habibullaxon 1872 yilda Toshkent shahrida tug‘ilganini bildim. U o‘sha payt ma’lum muddat otasi amir Abdur-Rahmon quvg‘inda bo‘lgani sababli Toshkentda yashagan. O‘sha davrda Katta O‘rta Osiyoning ko‘pgina aholisi fors va turkiy tilda gaplashgan. Saroy odamlari esa ko‘p tillarni bilishgan. Shu bois ham filmda Omonullaxonning chig‘atoy tilida gapirishi tabiiy holat, bu tomoshabinda e’tiroz uyg‘otishi kerak emas.
Takliflarim: film 5 soatdan ziyod. Bu kinoasar va unga sarflangan puldan unumli foydalanish uchun, filmni besh-olti qismga bo‘lib, serial tarzida eng ommabop telekanallarda va “praym-taym” vaqtida efirga uzatish kerak. Ya’nikim, odamlarimiz boqimandalik kayfiyatini beruvchi engil-elpi ko‘rsatuvlardan ko‘ra, millatni uyg‘otgan zakiylar haqidagi shunday filmlarni ko‘rsin, o‘ylasin, tafakkur qilsin.
Tarixiy filmlar ishlashga uncha o‘quvimiz bo‘lmagani, o‘ta zamonaviy texnikalar etishmasligi bois ham filmni kamchiliklardan holi deb aytolmayman. Ammo bu boshlanishi. “Islomxo‘ja”, “Qo‘qon shamoli”, “Avloniy” va premerasi kutilayotgan “Ibrat” singari tarixiy kartinalarimiz kelgusidagi buyuk filmlar uchun zamin yaratadi.
Bunday filmlar qancha ko‘p bo‘lsa shuncha yaxshi. Nega deganda, farzandlarimizni bugun odamlarimiz orasida ommalashgan “olma pish-og‘zimga tush” tarzidagi reklamalar, arzon tomoshalar, o‘ziga mahliyo qilayotgan chet el seriallari bilan emas, o‘z tariximizdan so‘zlovchi “Avloniy” kabi filmlar bilan tarbiyalamasak, biz istagan yangi O‘zbekistonni qura olmaymiz.
“Avloniy” kinoasari 6 dekabrdan yurtimizning barcha kinoteatrlarida namoyish etiladi. Uni farzandlaringiz bilan birga borib ko‘rishingizni tavsiya qilaman.

Sherzod Qudratxodjayev

Bo'lishmoq: