24.01.2019 11981

Haqiqiy jurnalist qanday bo`lishi kerak?

  Jurnalistlik kasbi mashaqqatli va sharafli. Jurnalist qismati hamisha xalq hayoti, el-u yurt quvonchi va tashvishlari, umid va orzu intilishlari bilan bog`liq. Bugun O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari mana shu bedor kasb fidoyilari suhbatidan bahramand bo`lishdi. Yig`ilish Milliy matbuot markazida O`zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi tomonidan “Kasbiy tajriba: ijod mashaqqati va zavqi” mavzusida tashkil etildi. “Ustoz – shogird ” an`anasi asosida o`tgan tadbirda O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan jurnalistlar – “O`zbekiston ovozi” gazetasi bosh muharriri Safar Ostonov hamda “Sharq” nashriyot – matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri Ahror Ahmedov qatnashdi.

  Unda so`zga chiqqan O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa`dulla Hakimov yig`ilgan yoshlarga qarata: “Siz fidoyi ekansiz. Mana shunday davralarga kelganlar jurnalistikada hamisha qaynaydigan bo`ladi. Biz ko`plarni taklif qildik. Lekin ular orasidan siz keldingiz. Bu kasbga bo`lgan mehr, sadoqatdir,”-dedilar.

  Tadbir doirasida bu yil tavalludining 70 yilligini qarshi olgan Safar Ostonovga, 60 yoshga to`lgan Ahror Ahmedovga O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining faxriy yorlig`i hamda estalik sovg`alari topshirildi.

  • Jamiyatdagi kamchiliklarga e`tiborsiz qaragan, yangiliklardan quvonmagan odam jurnalist bo`lolmaydi, - dedi Safar Ostonov bo`lajak soha xodimlariga. – Bilimli odam kuchli jurnalist bo`la oladi.

  Ahror Ahmedov esa, qayta va qayta kitobxonlikka e`tibor qaratish lozimligini ta`kidladi.

  Tadbir davomida talabalar bilan erkin muloqot ham tashkil etildi. Unda o`rtaga tashlangan asosiy masala jurnalistikamiz, milliy matbuotimiz kelajagi xususida bo`ldi. Ustozlar bu savollarga “Qadrli yoshlar, siz o`z kelajagingizni bu sohada qanday ko`rasiz? Biz ham xuddi shunday ko`ramiz. Umidimiz – sizlardan,”-deya javob berishdi.

  Haqiqiy jurnalist bedor bo`lishi kerak… haqiqiy jurnalist vijdonli bo`lishi lozim…   

 

 

O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi

Dilshoda OLIMOVA

Bo'lishmoq: