14.01.2020 1546

Jasur O‘zbek o‘g‘lonlari

Bilamizki, mamlakatimizda 14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni” va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topgan kun sifatida nishonlanadi. Vatan himoyachilari kuni nafaqat harbiy xizmatchilar, balki ayni vaqtda armiya saflarida o‘z burchini o‘tab qaytgan vatandoshlarimiz va ertaga xizmatga boradigan ming-minglab navqiron yigitlarning bayrami, deb qabul qilingan. Shu munosabat bilan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida ushbu bayramga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirni universitet rektori, Sherzodxon Qudratxodjayev ochib berdi va o‘z nutqida "Har bir davlatning armiyasi, o‘z posbonlari bo‘ladi. Bizda ham o‘z Vataniga jonini ayamay beradigan azamat va zabardast yigitlarimiz juda ko‘p. Dunyoda hech qachon urush bo‘lmasin. Urush bo‘lmasligi uchun esa har bir davlat kuchli armiyaga ega bo‘lishi kerak", - deya ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston Qurolli mojarolar va antiterroristik kurash nogiron-faxriylarning “VATAN” Xayriya Jamoat Fondi vakillari ham ishtirok etishdi. Jumladan, To‘xtasin Toshpo‘latov, Azamat Musabekov, To‘lqin Muhammadaliyevlar  kelajakda nafaqat Vatan balki o‘z oilasining himoyachisi bo‘ladigan o‘g‘lonlarimizni bayram bilan qutlashdi. Tadbir davomida "Harbiy jurnalistika" yo‘nalishi talabalari o‘z chiqishlarida jang san’ati bo‘yicha qanday qobiliyatga ega ekanliklarini namoyon qilishdi. Keyin esa, talabalar Vatanni sevishga chorlaydigan she’rlar aytib, bayramga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

Universitet talabalari Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab tayyorlagan video roliklarini  mehmon va tomoshabinlar e’tiboriga havola qilishdi.  Qolaversa, 1-bosqich talabalari milliy musiqa asboblari yordamida haqiqiy san’at asarini taqdim etishdi.

14-yanvar “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan O'zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universitetida o’g’il bolalar o’rtasida sportning Voleybol turi bo’yicha o‘tkazilgan sport musobaqalarida faol ishtirok etganligi uchun bir guruh talabalar maxsus faxriy yorliq va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.

Marosim oxirida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda O'zbekiston Qurolli mojarolar va antiterroristik kurash nogiron-faxriylarning “VATAN” Xayriya Jamoat Fondi bilan ijtimoiy hamkorlik Memorandumini imzolashdi. 

Fursatdan foydalanib, barcha jasur o‘g‘lonlarimizni mardlik bayrami bilan chin dildan muborakbod etamiz!

Bo'lishmoq: