16.04.2020 2167

Xalqaro konferentsiya onlayn-formatda qanday bo‘lib o‘tdi?

2020-yil 15-aprelda “Rossiya va xorijiy mamlakatlar mass-mediasi: globallashuv va milliylik” deb nomlangan xalqaro onlayn ilmiy-amaliy konferentsiyasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur konferentsiya Moskva xalqlar do‘stligi universiteti jurnalistika nazariyasi va amaliyoti kafedrasi (Rossiya), Al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti jurnalistika fakulteti matbuot va elektron OAV kafedrasi hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti media nazariyasi va amaliyoti kafedralari hamkorligida tashkil etildi.

 

Konferentsiyada  «Komsomolskaya pravda» gazetasi bosh muharriri, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist V. N. Sungorkin, Rossiya Federatsiyasi Axborot hamjamiyatini rivojlantirish kommisiyasi raisi, A. S. Pushkin nomidagi Leningrad davlat universitet reklama va jamoatchilik kommunikatsiyasi kafedrasi professori A. A. Malkevich, Al-Forobiy nomidagi QozNU matbuot va elektron OAV kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar doktori G.S.Sultanbaeva, shu universitetning falsafa (Ph.D.) doktori A.B.Ashimova, O‘zJOKU ilmiy ishlar va innovasiyalar bo‘yicha prorektor, filologiya fanlari nomzodi, dotsent N.F.Muratova, media nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri, filologiya fanlari nomzodi, dotsent N.Q.Toshpo‘latovalar asosiy ma'ruzachilari sifatida sohaning dolzarb muammolariga bag‘ishlagan mavzulari bilan ishtirok etdilar.

 

Ma’ruzachilarning chiqishlarini uchta mamlakatning turli oliy ta’lim muassasalaridan 70 ga yaqin soha mutaxassislari onlayn-videoda kuzatdilar va chat orqali o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

 

Konferentsiya doirasida ilmiy maqolalar to‘plami chop etildi. Unda Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetining o‘ndan ortiq professor-o‘qituvchilari o‘zlarining ilmiy maqola va tezislari bilan ishtirok etdilar.

 

Bunday xalqaro konferensiyalarning hamkorlikda o‘tkazilishi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetining xorijiy davlatlar oliy ta'lim muassasalari bilan ilmiy-amaliy hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bo'lishmoq: