09.01.2020 1164

O‘zJOKU o‘qituvchilari Deutsche Welle akademiyasi mashg‘ulotlarida malaka oshirmoqda

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Germaniyaning Deutsche Welle akademiyasi tajribali ekspertlari Lana va Vitaut Rudniklar tomonidan mana 4 kundirki, universitetimiz o‘qituvchilarini jurnalistika fanlarini o‘qitishda interaktiv metodlardan foydalanish, darsni yanada samarali tashkil etishda pedagogik mahoratni oshirish bo‘yicha seminar mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Treningda yosh o‘qituvchilar, tayanch doktorantlar, kafedra mudirlari ishtirok etmoqda.

Belarussiyalik mutaxassislar o‘zlarining boy tajribasidan kelib chiqib ishtirokchilarni jahonda sinovdan o‘tgan zamonaviy dars o‘tish metodlari va innovatsion texnologiyalar bilan tanishtirish bilan bir qatorda ushbu usullarning afzalligi, ta’lim jarayonida mazkur metodlardan qanday foydalanish yuzasidan  qimmatli tavsiyalarini ham berishmoqda. Mashg‘ulotlar guruh va jamoalarga bo‘lingan holda qiziqarli o‘yinlar bilan yuqori kayfiyatda o‘tmoqda.

— Darsni talabalar uchun qiziqarli va yodda qolarli bo‘lishi o‘qituvchining mahoratiga bog‘liq, - deydi treningda faol ishtirok etayotgan 1-bosqich tayanch doktoranti Sadoqat Maxsumova. -  Puxta reja, qiziqarli ma’lumotlar, interfaol o‘yinlar bilan tashkil etilgan har qanday mashg‘ulot talabada nafaqat fanga, balki bo‘lajak kasbiga qiziqish uyg‘otadi. Bugungi mashg‘ulotlarda ham biz pedagogik faoliyat uchun juda zarur bo‘lgan yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirdik.

Ijodkor o‘qituvchi 80 minutlik darsni san‘at asari darajasiga olib chiqa oladi. Buning uchun ozgina mehnat, o‘z kasbiga sadoqat, talabalarni sevish, yangilik qilishga ishtiyoq bo‘lishining o‘zi kifoya. Shubxasiz, ushbu trening universitetimiz o‘qituvchilarini kelgusi faoliyatiga motivatsiya beradi. 

Bo'lishmoq: