13-maktab o'quvchilari endi Jurnalist bo'lish istagida!
Bugun 23-yanvar kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumani 13-maktab oʻquvchilari va ota onalari uchun OʻzJOKU tomonidan, “XXI asrda mediasavodxonlikning oʻrni va roli”, “Jurnalist shaxsi va jurnalistikaning vazifalari” mavzularida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirni universitet rektori Sherzodxon Qudratxodjayev ochib berdi. U maktab oʻquvchilari ayniqsa, 11-sinf yigit-qizlariga tarix, oʻzbek tili va adabiyotiga doir savollar bilan murojaat qildi. Afsuski, oʻquvchilarning aksariyati berilgan savollarga aniq javob bera olishmadi. Maktab eski Shayxontohur tumani, Samarqand darvoza hududida joylashgani uchun ushbu hudud bilan bog'liq tarixning salbiy xotiralari haqida savol bergan Sherzodxon Qudratxodjaev savolga auditroiyaning besh foizi ham javob bera olmaganidan biroz ranjidilar. Ammo aslida bu faqat o'quvchilarning emas ularga ta'lim berayotgan o'qituvchi-murabbiylarning ham aybi ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Maktab yoshidagi bolalar bilishi kerak boʻlgan ma'lumotlar: interet saytlari, axborot beruvchi kanallar va shu kabilar haqida berilgan savollarga ham o'quvchilar bir qancha ijtimoiy saytlarni kuzatishlarini aytishdiyu, ammo bilganlari haqida toʻliq maʼlumot bera olishmadi, qo'shimcha sifatida esa, saytlardan foydalanishda maktabda ta'qiq mavjud ekanini bildirishdi. Axborot-globallashuv asrida o'quvchilarda hattoki, "Wikipedia", "Google" qidiruv tizimlari toʻgʻrisida maʼlumot mavjud emasligi bizni biroz hayratlantirdi rosti. Savollarning aksariyatiga javob bera olmagan yoshlar “Qanday oʻyinlarni oʻynaysiz?” degan savol o'rtaga tashlanganidagina, biroz jonlandilar. Bu esa juda achinarli holat aslida. Albatta, universitet hodimlari maktab o'quvchilarining bilimini sinash uchun emas, yosh avlodning, yaqin orada universitetga o'qishga kirishi mumkin bo'lgan o'quvchilarning bilim darajalarini o'rganish, ularga nima qiziq nima qiziq emasligini tushunib olish uchun borgandi. Shu bois javobsiz qolgan savollarga Qudratxodjaevning o'zi aniq va to'liq javob berib, hozirgi kunda bilishlari zarur bo'lgan ma'lumotlarni o'quvchi yoshlar bilan o'rtoqlashdi. Internetning bugungi kundagi ahamiyati haqida, pichoqdan yaxshi va yomon ishlar uchun foydalanish mumkin boʻlganidek, hozirgi davrda internet ham bizga pichoq kabi ekani, zarar keltirishni istaganlar uchun zarar, foydali ishlar uchun koni foyda qurol ekanini tushuntirish bilan izoh berdi. Internet faqat turli oʻyinlar, tarmoqlardagi guruhlardan iborat emasligi, unda elektron kitoblar, postlar, qidiruv tizimlari orqali topish mumkin bo'lgan qiziqarli ma'lumotlar ham mavjudligi haqida ham fikr bildirdi.
Yig'ilgan yoshlar orasida boshlangʻich sinf oʻquvchilari ham bor edi. Ularning kelajakdagi rejalari soʻralganida: biri uchuvchi, biri tadbirkor boshqasi esa arxitektor boʻlishini aytdi, bundan ilhomlangan universitet xodimlari o'quvchilarga sohaning yetuk mutaxassislari boʻlishi uchun maslahatlar berishdi. Sohada omadi chopgan insonlarni misol keltirib, insonning tanasi baquvvat boʻlishi bilan birga ham aqlan ham maʼnan kuchli boʻlsagina, biror natijaga erishish mumkinligini ta'kidlashdi.
Shuningdek, universitet o'quv va tarbiyaviy ishlar bo'yicha prorektori Alisher Matyakubov, Internet jurnalistika va ijtimoiy medialar fakulteti dekani Nozima Muratova va kafedra mudiri Akbar Nurmatovlar ham mavzu doirasida o'z fikrlarini bildirdilar. Alisher Matyakubov internetdan zamon bilan hamnafas boʻlishni istagan har bir inson foydalanishi lozimligini, biroq ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlardan kelayotgan axborotlarni toʻgʻri yoki notoʻgʻriligini bir necha manbalardan tekshirib koʻrish kerak ekani, buning uchun esa oʻquvchilarda bilim va koʻnikma boʻlish zarurligini ta'kidladi.
Internetning rivojiga, axborotning aniq va faktlarga asoslagishida, albatta, jurnalistikaning roli katta ekanligi, malakali jurnalist boʻlish uchun esa jurnalistik taʼlim zarurligi haqida Nozima Muratova, kitoblardan bir qancha iboralar orqali Internetning salbiy oqibatlari girdobiga tushib qolmaslik kerakligi haqida esa Akbar Nurmatovlar o'z fikrlarini bildirib o'tdilar.
Avvaliga oʻquvchilarda biroz tushunarsizlik uyg'otgan bugungi uchrashuv, so'nggiga borib o'quvchilarni jonlantirib yubordi. Mavzuga qiziqib ketgan yoshlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi va universitet haqida ham ko'plab ma'lumotlarga ega bo'lishdi.
O'ylaymizki, uchrashuv o'quvchilar uchun foydali bo'ldi. Bu kabi uchrashuvlar yana poytaxtimizning turli tumanlarida joylashgan maktablarda o'tkazilishi rejalashtirilmoqda.