07.03.2020 1439

Afg‘onistonlik o‘zbek talabalar O‘zJOKUda

Shu yilning 6-fevral kuni Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazidan Surxandaryoning Termiz davlat universitetida o‘qiyotgan talabalar O‘zbekiston jurnalistlika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida mehmon bo‘lishdi. Maqsad - ikki xalq yoshlari orasida o‘zaro aloqlar o‘rnatish, kelgusida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat. 

Tashrif davomida universitet rektori Sherzodxon Qurdatxo‘djayev Afg‘onistonlik talabalarni universitetning jonli manzarasi, hayoti bilan tanishtirib, turli mavzularda suhbatlar qurdi. So‘ng universitetda tahsil olayotgan bo‘lajak jurnalistlar va mehmonlar bilan "Open Air Labirint" hududida erkin uchrashuv o‘tkazildi. Unda Afg‘onistonlik yoshlar O‘zbekiston ularning bilim olishlari uchun yaratib berayotgan imkoniyatlardan qanchalik mamnunligi, yurtimizdagi tinchlikka havasi kelishi va yaqin orada  Afg‘onistonda ham osuda hayot boshlanishidan umidvor ekanini ta’kidlashdi.

"O‘zbekiston haqiqatan bag‘rikeng va tinch mamlakat. Avvaldan O‘zbekistonda yashaydigan insonlarga havasim kelardi va mana endi biz ham shu yerda bemalol o‘qib, yashab yuribmiz",- deydi Shams Saodat Parisa.

Milod Shams Saodat esa: "O‘zbekistonda menga hamma narsa yoqadi, tarixiy obidalari, binolari, insonlari. Lekin hammasidanam ko‘ra uning tinchligi havasimni keltiradi. Mening Yurtim ham shunday bo‘lishini istardim. Chunki tinch yurtda rivojlanish bo‘ladi, o‘sish bo‘ladi",-deya o‘z so‘zini yakunladi.

So‘z-so‘zga ulanib ikki qardosh 

xalqning o‘zaro munosabatlari, kelajagi haqida universitet talabalari ham o‘z fikrlarini bildirdilar. Tadbir yig‘ilganlarda ijobiy taassurot qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazidagi 172 nafar yoshlardan 119 tasi O‘zbek tili va adabiyotidan, 35 tasi temiryo‘l sohalari bo‘yicha, 19 tasi xamshiralik yo‘nalishlarida ta’lim olmoqda.

Bo'lishmoq: