02.02.2021 1521

AOKA hamda O‘zJOKU o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Bugun, 2021-yilning 2-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘rtasida Memorandum imzolandi.
Agentlik rahbari Asadjon Xodjayev, universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja hamda boshqa mas’ullar ishtirok etgan ushbu tadbirda o‘zaro hamkorlik haqida kelishib olindi.
Ta’kidlash joizki, milliy mass-medianing kadrlari salohiyatini, ularning axborot makonidagi raqobatbardoshligini oshirish, shu maqsadda o‘quv treninglari, seminarlar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, soha uchun kadrlarni tayyorlash va taqsimlash masalalarida davlat boshqaruvi organlari, o‘quv muassasalari bilan hamkorlik qilish Agentlikning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan. Universitet bilan yo‘lga qo‘yilayotgan aloqalar ham ana shu vazifalar ijrosiga qaratilgan.
Kelishuv doirasida Agentlikning ish faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar uchun tanishtiruv va malakaviy amaliyot, stajirovka o‘tashni tashkillashtirish ko‘zda tutilgan.
Memorandum Agentlik hamda Universitet uchun muhim ahamiyatga ega masalalar bo‘yicha konsultatsiyalar o‘tkazish, ustuvor innovatsion loyihalarni ishlab chiqish hamda ularni joriy etishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Muloqot davomida mediasavodxonlik va zamonaviy jurnalistikadagi tendentsiyalar haqida adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalarini yaratish, chop etish va hududlarga yetib borishini ta’minlash, shuningdek, taniqli jurnalistlar, soha faxriylari bilan uchrashuvlar, mahorat darslari, ijodiy kechalar tashkil etish kabi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ma’qullandi.
Bo'lishmoq: