Fevral. Ey do‘st!
Keldingmi, qani.
Qish chillasin surasan ortga,
Jilg‘alarda boshlaysan qo‘shiq.
Tezroq ko‘klak insin hayotga,
Hammadan ko‘p sen unga oshiq.
Bahorga, go‘zallikka oshufta hassos qalb egasining bu satrlarida maysalarning shivir-shiviri, soylarning sharqiroq tovushi, dala-dashtlarning ajib simfoniyasi tasavvuringizga orzulardek oppoq ranglar bilan Vatan suratini chizadi. Tomirlaringizda ohang, kuy O‘zbekiston haqida go‘zal qo‘shiq bo‘lib oqadi. Go‘zallikni, yurt bahorini sog‘inasan. Shoirning yuragi bedor, tuyg‘ulari bedor. Shu sabab shoir qalbida gullagan bahorga – O‘zbekistonga oshiqliging ortadi.
Xalqimizning ardoqli shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Аzim Suyun 2020-yilning 9-martida, 72 yoshida olamdan o‘tdi.
Xalq, Vatan sevimli shoiridan ayrildi. Biroq u sog‘ingan bahor har safar ko‘m-ko‘k maysalar tilida, alvon lolalar tilida, fasllar kelinchagi sepini yoygan dala-dashtlar tilida uning tirik satrlaridan bizga so‘zlaydi. Shoir oʼlmagan, go‘zal tuyg‘ular makon tutgan qalblarda yashamoqda.
O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti jamoasi marhumning yaqinlari va oila a'zolariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Xalqimizning bu fidoyi farzandi qalblarimizda mangu yashaydi.