Inson hayotida tub burilishlar yasaydigan quvonchli hodisalar har kuni ham sodir bo'lavermaydi. Bunday voqealar sirasiga bugungi kunda ko'plab yoshlar, tengdoshlarim o'z oldiga qo'ygan asosiy maqsadlardan biri - oliy o'quv yurti talabasi bo'lishni ham kiritish mumkin va bevosita kelajagimizga ta'sir o'tkazuvchi ana shunday muhim hodisa yaqindagina mening hayotimda ham sodir bo'ldi. Talaba bo'lish bir olam quvonch bag'ishlashi bilan birga yelkaga mas'uliyat yukini ortishni ham talab qilishini tez orada angladim. Endi oldimda bir qator masalalar turardi. Katta shaxarga moslashish, zamon bilan hamnafas bo'lish uchun bir necha horijiy tillarni o'zlashtirish kabi o'ylar miyyamda tinmay aylanayotgan bir paytda yana bir jihat e'tiborimni tortdi. Bu holat anchayin jiddiy mushohada yuritishni talab etishini katta shaxardagi kichik kuzatuvlarim ko'rsatdi.
21 asrdagi shiddatli globallashuv jarayonida insonlar qarashlari, fe'l atvori tobora o'zgarib borayotganligi hech kimga sir emas. Bu holat ayniqsa, "katta" shaxarlarda yanada yaqqol sezilar ekan. Ko'cha-ko'yda, jamoat transportlarida bir-biri bilan qizg'in suhbat qurib ketayotgan insonlarni uchratish bugungi kunda anchayin mushkul holatga aylanib ulgurgan. Chunki, suhbatdosh, dilgir hamroh o'rnini ham uyali aloqa vositasi ya'ni telefon nomli "og'aynimiz" egallashga muvaffaq bo'lgan. Albatta, so'zlashish butunlay yodimizdan chiqqan deb bo'lmaydi. Axir ana shu yaqin "do'stimiz" bizni voqif etgan yangiliklarni muhokama qilish uchun ham qimmatli vaqt sarflanib turiladi. Bu jarayonda esa, qaysi tilning lug'at boyligidan foydalanish ahamiyatsiz. Muhimi so'zlashilyapti! Shuning o'zi ham go'yiki e'tirofga loyiq. Balki, so'zlarim siz uchun anchayin mubolag'ali tuyilayotgandir. Ammo, ishoning bu bor haqiqat. Agar shubha qilayotgan bo'lsangiz o'zingizning bir kun davomida hech bo'lmaganda 10 daqiqa suhbatlashadigan insonlaringiz ro'yxatini tuzib chiqing. Bu ro'yxatdan ijtimoiy tarmoqlardagi suhbatdoshlaringiz o'rin olmasligi lozim. Nazrimda ular sonini hisoblashga bir nechta barmoqlaringiz kifoya qildi. Yoki, ularning keragi ham bo'lmadi. Ho'sh, buning nimasi muammo yasashga arzigulik masala ekan dersiz. Masalaning tub mohiyatiga endi yaqinlashyabmiz. Bugun ko'pchiligimiz gapirishga erinayotgan, gapirganda ham horijiy so'zlarni qo'shib, yoki o'z ona tili qolib o'zga tillarda so'zlashilayotgan bir paytda o'zbek tili taraqqiyoti masalasi bir chetda qolib, uning kelajagi so'roq ostida qolmoqda. Borgan sari o'z ona tilimizga bo'lgan hurmat, so'z qadri tushunchalari kamyoblashib borayotganligi o'ylantiradigan masalaga aylanib ulgurgan. Taraqqiyot jarayoni, texnika asri sababli biz hohlasak-hohlamasakda, tilimiz ko'plab horijiy so'zlar bilan "boyib" borayotgan bir paytda, o'zi ma'nosini anglagan-anglamagan begona so'zlar bilan yanada "boyitishga" astoyidil harakat qilayotgan insonlar bugun ko'plab uchrayabdi.
Bunday insonlarning millat ramzini behurmat qilayotganligini, buyuklik darajasini anglashgada ojiz bo'lgan bobolari bunyod etgan ona tilini oyoq osti qilayotganligini tushunib yetish uchun ma'naviyati sustlik qilmoqda deyish mumkindir balki. Ammo, afsuski bu holat ziyolilikka da'vogar, ko'pni ko'rgan insonlar orasida ham uchrab turibdi. Albatta ortiqcha so'zlar, tanqidlar muaommoga yechim bo'la olmaydi. Ho'sh nima qilmoq kerak? Biz yoshlar horijiy tillarni o'rganishga astoyidil harakat qilish bilan birgalikda o'z ona tilimizni chuqur o'zlashtirishga, kundalik turmushimizda sof o'zbek tilida muloqot qilishga harakat qilsak, oz bo'lsada tilimiz taraqqiyotiga, bizdan keyingi avlodlarga putur yetmagan holda yetib borishiga hissa qo'shgan bo'lamiz nazarimda.
O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, teleradio jurnalistikasi yo'nalishi 1-bosqich talabasi Mavjuda Sattorova.