12.03.2019 1931

O'zbekiston Harbiy jurnalistika o'quv kurslari taqdimoti


                                                                           PRESS RELIZ
2019 yil 12 mart kuni soat 10:00da O’zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Harbiy jurnalistika kasbiy qayta tayyorlash kursi va 2019-2020 o’quv yilida Harbiy jurnalistika yo’nalishi ochilishining taqdimoti bo’lib o’tdi.  

O’zbekistonda ilk bor harbiy soha vakillari uchun maxsus jurnalistik o’quv kurslari tashkil etilmoqda. Bugun ixtisoslashgan jurnalist kadrlar yetishtirish masalasi harbiy soha uchun ham ahamiyatli vazifa bo’lib turibdi.  Ular mudofaa tashkilotlari va jangovor maydonlarda zaruriy ma'lumotlarni qayta ishlash, axborot texnologiyalarining imkoniyatlaridan to’liq foydalangan holda ma'lumotlarni tezkor uzatish singari vazifalarni amalga oshirish ko’nikmasiga ega bo’lishi lozim. Shuningdek, harbiy jurnalistlar O’zbekiston Respublikasi Mudofaa kuchlari va harbiylar tomonidan amalga oshiriladigan ishlarni OАVda yoritib borishi, ham bilimli, ham jismonan kuchli bo’lib, Vatan va xalq osoyishtaligini ta'minlash maqsadida ma'lumotlarni to’g’ridan to’g’ri voqea joyidan olib uzata olishi, kommunikatsion texnologiyalarini qo’llashni puxta bilishi va axborot xavfsizligi tarbiyalanishi muhim.

 Harbiy jurnalistika yo’nalishi ikkita bosqichda amalga oshiriladi:

• 4 yillik bakalvriat ta'lim yo’nalishi;

• 4 oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslari.

2019-2020 o’quv yilida Harbiy jurnalistika yo’nalishi bo’yicha 20 nafar talaba grant asosida o’qishga qabul qilinadi. Ularga harbiy yo’naltirilgan maxsus o’quv reja ishlab chiqildi. Hamda  jurnalistika sohasi bilan birgalikda harbiy bilim va ko’nikmalarni shakllantiruvchi o’quv-dasturlari ham ishlab chiqilgan.

4 oylik (576 soatlik) kasbiy qayta tayyorlash kurslarining maxsus o’quv rejasi va o’quv dastrulari zamon talablaridan kelib chiqqan holda yaratildi. O’quv kurslarida asosan jurnalistika bilan bog’liq nazariy va amaliy mashg’ulotlar bilan birga harbiy yo’naltirilgan fanlar ham aks etgan. O'quv jarayoniga jurnalistika sohasida ko’p yillik tajribaga ega professor-o’qituvchilar, harbiy sohaning yetakchi ofitserlari  jalb etiladi. Dastlabki o’quv kurslariga O’zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Bojxona Qo’mitasi, O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O’zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Taqdimot so’nggida O’zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi va O’zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o’rtasida kelishuv memorandumi imzolandi. 

 

 

 

 

Bo'lishmoq: