07.05.2022 611

O‘zbekistonning taniqli radio boshlovchilari O‘zJOKUda

Bugun qanday kun ekanligini bilasizmi? Ha, siz to‘g‘ri topdingiz — Radio va aloqachilar kuni! Shu munosabat bilan 7-may kuni O‘zJOKUda O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasiga a’zo nodavlat radiostansiyalar vakillari ishtirokidagi ochiq muloqotida sohada amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar, hamkorlikdagi yangi loyihalar muhokama etildi. Zoom platformasi orqali hududiy radiostansiyalar mas’ullari bilan fikr almashildi.

Tadbirda O‘zMMA Boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja, Bosh direktor Abror Po‘latov dastlab soha egalarini kasb bayrami bilan tabriklab, mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, davlat va jamiyat o‘rtasida sifatli muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholiga islohotlarning maqsadi, vazifalari va natijalari haqida tezkor, xolis axborot yetkazishni samarali yo‘lga qo‘yishda ommaviy axborot vositalari, xususan radio sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini qayd etishdi.

So‘ng, mehmonlar universitet hududi bo‘ylab sayohat qilib, dargohda tashkil etilgan radio- va telestudiyalarni ko‘zdan kechirishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev OAV vakillari faoliyati haqida so‘z yuritar ekan, doimo yangilik izlab, intilib yashaydigan, jamiyatda yuz berayotgan muhim o‘zgarishlar, ustuvor g‘oya va tashabbuslarning ma’no-mohiyatini odamlarga tezkorlik va xolislik bilan yetkazadigan, hayotning qaynoq nuqtalariga dadil kirib boradigan jurnalistlar mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda, deya ta’rif beradi.

Bugungi kunda Toshkent shahrida 12 ta nodavlat radiokanal faoliyat ko‘rsatmoqda va auditoriyasi ko‘pligini ham hech kim inkor etolmaydi. Bu, o‘z navbatida, nodavlat radiokanallari jamoalari xalqning fikr-mulohazalarini o‘rganayotgani va odamlar ko‘ngliga yaqin dasturlar tayyorlayotganidan dalolat beradi.

Xususan, “Oriat dono” radiokanalida efirga uzatiladigan Najot Nur muallifligidagi “Maoniy arsasi”, “Avtoradio”da efirga uzatiladigan Nazira Inoyatova muallifligidagi “Muvaffaqiyat kalitlari”, “Navro‘z” radiokanalida efirga uzatiladigan O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova muallifligidagi “Tonggi mehmon”, “Poytaxt” radiosidagi axborot yo‘nalishidagi ko‘plab tahliliy dasturlar xalqimiz tomonidan e’tirof etib kelinmoqda.

O‘zMMA respublikadagi nodavlat teleradiokanallar, kabel televideniyesi studiyalarini qamrab olgan yirik nodavlat-notijorat media tashkiloti hisoblanadi. Bugungi kunda assosiasiyaga 18 ta markaziy va hududiy radiostansiya a’zo bo‘lib, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, efirini sifatli kontent bilan ta’minlash, xodimlarning malakasini oshirib borish borasida samarali hamkorlikni yanada kengaytirish zarur.

Uchrashuvda radiokanallar faoliyatidagi ayrim muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan dasturlar salmog‘ini yanada kengaytirish lozimligi bildirildi. Xususan radiokanallar efirida axborot dasturlari, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi eshittirishlar tayyorlash muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Bo'lishmoq: