08.09.2022 1258

O‘zJOKU radiostudiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

Bugun Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Germaniyaning Deutsche Welle akademiyasi homiyligi asosida qurib, foydalanishga topshirilgan, zamonaviy texnik baza bilan jihozlangan radiostudiyaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tantanali ochilish marosimida universitet rektori, professor Sherzodxon Qudratxoʻja va universitet jamoasi, DW akademiyasi ijrochi direktori Karsten von Naxmen, DW akademiyasining Markaziy Osiyo boʻyicha koordinatori Lidiya Ranert hamda Germaniya elchixonasining vakillari ishtirok etishdi.

Marosim avvalida mehmonlar universitetning jonli burchagi, open air zonalari, telestudiya va kutubxonasi bilan tanishtirildi. Shundan soʻng universitet rektori Sherzodxon Qudratxoʻja va DW academy ijrochi direktori Karsten von Naxmen birgalikda ramziy tasmalarni kesib, radiostudiyani ochib berishdi.

Ochilish marosimidan soʻng har ikki taraf vakillari yangi hamkorliklar borasida suhbatlashish uchun yigʻildilar.

O‘zJOKUning 4 yil vaqt ichida qurilgan kampusini ko‘rib Karsten von Naxmen o‘z hayratini yashirmadi: “Men Germaniyadanman, biz nemislar judayam ishni puhta bajaramiz, tartib va intizomni ustuvor qo‘yamiz, lekin bilasizmi biz hatto Germaniyada ham 4 yil ichida universitet uchun shunday bino va radiostantsiyani qurolmas edik, men universitetning ilg‘orlab borayotganidan va DW akademiyasining “rivojlanish ko‘chati” hosildor joyga - O‘zJOKUga qadalganidan juda mamnunman. Biz siz bilan hamkorlikni kengaytirishga doimo tayyormiz” deya ta’kidladi.

Hamkorlik munosabatlari haqidagi koʻplab takliflarni doimiy ravishda amalga oshirib borish maqsadida ikki tashkilot oʻrtasida hamkorlik memorandum imzolandi. Eʼtiborga molik jihati shundaki, ushbu memorandumga koʻra OʻzJOKU DWning magistrlarni qoʻllab-quvvatlash dasturi boʻyicha Oʻzbekistondagi asosiy hamkoriga aylanadi. Bu dastur boʻyicha har yili 2 nafar magistr oʻqishni Germaniyada davom ettirishi mumkin boʻladi va bu jarayonga nomzodlarni OʻzJOKU tanlab beradi.

Har jihatdan unumli va ikki taraf uchun manfaatli boʻlgan marosim Germaniya delegatsiyasi universitet mehmonlar kitobiga oʻzlarining iliq fikr va tilaklarini yozib qoldirganlaridan soʻng yakuniga yetdi.

Bo'lishmoq: