20.11.2019 3289

O‘zJOKU va Huawei: hamkorlik sari yo‘l

Bugun O‘zJOKU hayotida yana bir tarixiy voqelik yuz berdi. Biz endilikda Xitoyning mashhur 华为技术有限公司 – Huawei kompaniyasi bilan hamkorlik qila olamiz. Universitetimiz hamda ushbu kompaniya o‘rtasida imzolangan bugungi Memorandum bunga yo‘l ochdi. Hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad, Huaweining Universitet Axborot texnologiyalar markazini rivojlantirish uchun sarmoya kiritishiga erishish hamda birgalikda kompaniyaning sohaga oid loyihalarini amaliyotga tadbiq qilishga ko‘maklashishdan iboratdir.

Huawei axborot texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi dunyoning eng yirik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Unga 1987-yilda Ren Chhengfei tomonidan asos solingan. O‘sha paytda Xitoyning barcha telekommunikatsion texnologiyalari chet eldan olib kelinar edi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar orasida aynan Huawei birinchi bo‘lib Xitoy milliy telekommunikatsiya tizimini ishlab chiqish bo‘yicha shartnomani qo‘lga kiritdi. O‘sha davrda kompaniya asoschisi Ren Chhengfei "O‘z kommutatsiya uskunalariga ega bo'lmagan millat o‘z harbiy kuchlariga ega bo‘lmagan xalq kabidir", - deya ta'kidlagan edi.

1996 yil Pekinda hukumat mahalliy telekommunikatsiya ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash va xorijiy raqobatchilarning kirishini cheklash bo‘yicha aniq dastur qabul qiladi. Bu voqelik Kompaniya uchun yana bir muhim burilish davri bo‘ldi.
1999-yilda Huawei O‘zbekistonga kirib keldi. Oradan 20 yil o‘tib Kompaniya O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Memorandum imzolash jarayonida O‘zJOKU professor-o‘qituvchi hamda talabalari Huawei faoliyati bilan tanishishdi. Shunda ko‘pchilikni qiziqtiradigan Internet tezligi va aloqa sifati to‘g‘risidagi savol o‘rtaga tashlandi. Bunga kompaniya xodimlari “Quyosh panellari yordamida ishlaydigan maxsus qurilmani hududlardagi telekommunikatsion antennalarga o‘rnatish orqali erishish mumkin”, - deya javob berishdi. Ularning afzalligini mijozlarga tushuntirish uchun esa kuchli PR mutaxassislari kerak.

Huawei kompaniyasi mahsulotlari bizga nima uchun kerak? Huawei tomonidan ishlab chiqarilgan axborot texnologiyalari orqali biz 5G tezlikda ishlovchi internet tizimiga hamda 4K tiniqlikdagi kameraga ega bo‘lishimiz mumkin. Shuningdek, ushbu kompaniya loyihasi asosida Quyosh energiyasidan unumli foydalanib, maxsus qurilma yordamida Respublikamiz chekka hududlaridagi aloqa sifatini yaxshilash imkoni tug‘iladi.

Ha aytgancha, bitiruvchi talabalar uchun Huawei “Seeds for the future” loyihasini taklif qiladi. Bu orqali ular Xitoyda IT sohasi bo‘yicha yanada chuqurroq bilim olishlari mumkin.

Bo'lishmoq: