19.12.2021 586

O‘zJOKU va Xalqaro Kurash Instituti o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida kuni kecha Sharqiy Osiyo mamlakatlari: Xitoy, Makao, Xitoy Taipeyi, Moʻgʻuliston, Koreya Respublikasi, Gonkong va Yaponiya murabbiylariga kurash sir-asrorlarini yanada chuqur oʻrgatish maqsadida tashkil etilayotgan xalqaro seminarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Oʻzbek milliy kurashini butun dunyoda yanada ommalashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan muhim tadbirlardan bo‘lgan ushbu seminar Xalqaro kurash instituti va O‘zJOKU tomonidan hamkorlikda amalga oshirildi.

Tadbirda OʻzJOKU rektori, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Sherzodxon Qudratxoʻja, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, Osiyo-Okeaniya kurash assotsiatsiyasi rahbari Komil Roʻziyev, Xalqaro kurash instituti rektori Habibullo Tojiyev va institut mutasaddilari, mahalliy murabbiy hamda yosh sportchilar ishtirok etishdi.

Xorijlik murabbiylar uchun onlayn formatda tashkil etilgan ushbu tadbirda ayniqsa, faxriylar oʻrtasida 2 karra jahon chempioni, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi 83 yoshli Abdurashid ota Mirzayevning ko‘p yillik tajribasi asosida koʻrsatilgan mahorat saboqlari kuzatuvchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro kurash instituti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu hamkorlik kelajakda albatta, milliy kurashimiz targʻibotini yanada yuksaltirish va ushbu sport turini yanada ommalashtirishga xizmat qilishiga ishonamiz!

Bo'lishmoq: