15.01.2020 1264

Qalblarni portlatuvchi ijodkor

Qoʻlimizga qayta va qayta olgan, takror mutolaa qilishdan charchamagan sevimli asarlarimizning muallifi Abdulla Qahhor oʻzbek adabiyoti rivojiga katta hissa qoʻshgan zabardast yozuvchi edi. Adibning hikoya va ocherklari, qissa va romanlari, satirik komediya va lirik dramalari xalqimizning maʼnaviy xazinasida  chuqur iz qoldirgan, albatta.  Abdulla Qahhor siz va biz hozirda guvohi boʻlib turgan " adabiyot saroyi"ning mustahkam bir ustuni desak mubolagʻa boʻlmaydi. Adibning har bir asari, har bir jumlasi, bosib oʻtgan hayot yoʻli  qoʻyingki uning zamondosh shogirdlari bunga guvohdirlar.  Juda qiyin kunlarni yoshligidanoq boshidan kechirgan,  otasining kasbi tufayli bir qishloqdan boshqa bir qishloqqa koʻchib yurishga majbur boʻlgan yozuvchi bolalik yillarini eslab shunday yozadi: Ayam oyogʻim kuyganini eshitib hushidan ketayozdi; keyin nima boʻlib meni  yakka doʻkonga yuborganini aqliga sigʻdirolmay oʻzini qargʻadi. Mendan oldin va mendan keyin tuqqan sakkiz bolasini qora yer bagʻriga bergan ayam endi meni yer-u koʻkka ishonmas, koʻz oʻngidan bir qadam nari jilgani qoʻymas edi. Ayamning yarador boʻlgani, oyogʻimning kuygani bir chekkada qolib ketdi. Ota-onam, biri qoʻyib, biri olib, mushtday boshim bilan doʻkonga yolgʻiz borganim, bu qadar uddaburonligim toʻgʻrisida hayron qolib soʻzlar edi. Goʻyo butun dunyodagi hamma balo-qazo hovlimiz bilan doʻkonimiz orasiga yigʻilib, mening koʻchaga chiqishimni kutib turgan ekan-u men birini urib, birini yiqitib, biriga chap berib, doʻkonga yetib boribman.

Abdulla Qahhor oʻzining faoliyatini shoirlikdan boshlagan boʻlsada, adabiy merosi negizini nasriy asarlar tashkil etadi. Yozuvchining har bir qissasi yoki har bir hikoyasi bazi bir romanlar berilmaydigan ma'naviy ozuqani beradi.

"Haqiqat degani koʻ-oʻ-oʻp yaxshi narsa. Ammo bir "kamchiligi" bor: hamisha ham shirin boʻlavermaydi. Achchiq haqiqat koʻ-oʻ-oʻp foydali narsa. Ammo uning ham bir "kamchiligi" bor: hammagayam yoqavermaydi. "

"Tobutdan tovush" satirik komediyasida adib mana shunday "yoqimsiz" haqiqatlarni achchiq kinoya bilan fosh etadi va ancha-muncha malomatlar toshiga nishon boʻladi.

Abdulla Qahhor hikoyalari uchun tegishli boʻlgan yana bir xususiyat- ularning ixcham va tigʻizligidadir. Biroq bu yozuvchining " soʻz topolmay qolganidan" emas, soʻz boyligi benihoya kattaligidan. Adib har bir satr, har bir hikoyasi ustida oylab fikr yuritadi.  Abdulla Qahhorning yaqin shogirdlaridan biri Said Ahmad bir voqeani hikoya qiladi. Bir kuni ustoz-shogird doʻkonga kiradilar. Abdulla Qahhor ikki quti qogʻoz sotib oladi. Said Ahmad yarim hazil qilib "ikkita romanga yetadigan qogʻoz oldingiz, domla" deganlarida Abdulla Qahhor "ikkita hikoyaga yetsayam katta gap" , deb javob beradi. Adibning yana bir shogirdi Ozod Sharafiddinovning yozishicha adibning yuqorida biz tilga olgan "Tobutdan tovush" satirik komediyasining hajmi 60 sahifa atrofida boʻlsa, qoralamalari salkam ming bet boʻlgan.

Hikoya Abdulla Qahhorning oʻzi taʼriflaganidek "atom"ga oʻxshaydi. Oʻzi mittigina boʻlsa ham oʻquvchi qalbini "portlatib" yuborganday boʻladi. Adibning har bir hikoyasi haqida soatlab fikr yuritsak boʻladi. Ammo bizning minglab fikrlar oʻrnini adib hikoyalarini bir mutolaa qilib ortigʻi bilan toʻldirish mumkin.  Abdulla Qahhor qalamiga mansub "  Oʻtmishdan ertaklar" koʻp oʻquvchilarga ertakdek tuyuladi. Biroq asar voqealari hayotdan olingan. Qissada xalqimizning oʻtmishi, turmushi, ayanchli qismati aniq tasvirlab berilgan. " ... Kuydirish uchun kuyish, ardoqlash uchun ardoqlanish shart..."  deydigan adib oʻzi koʻrgan va kuygan voqealarni ham shu qissaga joylaydi.

Abdulla Qahhor xalq mashaqqatini, qora kunini, ular har qadamda duch kelgan nohaqliklarni shunday tilga olinadi: "Mavsumda bir necha tonna paxtani bittalab terish,  shuncha yukni boʻyniga osib, necha minglab km yoʻl bosish uchun afsonaviy Rustamning ham kuchi yetmaydi."

Yozuvchi ijod haqida gapirarkan " Inson ichki dunyosining chuqur joylarigacha oʻzini koʻrsata olgan ikki sahifalik chinakam poeziya biz uchun shoshmashosharlik va tumtaroq gaplar bilan yozilgan silliqqina qalin " asar" lardan foydalidir" degan edi.

Adibning asarlari chindan ham oʻzini koʻrsata olgan.

Odatda har qanday yaxshi asar ikkita xolis, ammo beshafqat hakam sinovidan oʻtadi. Biri - kitobxon sinovi, biri- vaqt sinovi. Abdulla Qahhorning koʻplab hikoyalari, roman va qissalari, dramatik asarlari har ikki sinovdan yorugʻ yuz bilan oʻtdi. Soʻzimni Oʻtkir Hoshimovning adib haqidagi fikrlari bilan yakunlayman: "Abdulla Qahhor aynan bugungi kunni, yurtimizning istiqloli, Vatan mustaqilligini bir umr orzu qilgan adib edi. Uning kechagi kun haqidagi asarlarini mutolaa qilgan yosh avlod bugungi kunni teranroq qadrlashga oʻrganadi. Adib asarlarining sehri ham shunda..."

Shahribonu Farmonova

Bo'lishmoq: