Bugungi zamon insonlardan dunyodagi yangiliklardan boxabar bo'lish, jamiyatda bo'layotgan o'zgarishlarni his qilish, umuman olganda, atrofga bir oz bo'lsada nazar tashlashni talab etmoqda. Odamlar endilikda axborot va yangilik uchun kurashni oldilariga asosiy maqsad qilib oldilar. Agarda siz atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarga befarq bo'lsangiz, tabiiyki, dunyo jamiyati ham sizning xohish-istaklaringizdan yuz o'giradi. Demak, har bir shaxs olamda ro'y berayotgan o'zgarishlardan xabardor bo'lishi shart. Xususan, o'z yurtidagi islohotlardan ham.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 7-fevralda beshta ustuvor yo'nalish bo'yicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlanib, har bir soha uchun alohida yo'l xaritalari belgilab berildi. Davlat rahbarining 14-fevraldagi Farmoyishi asosida strategiyada tasdiqlangan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish va jamoatchilik fikrini o'rganish maqsadida "Taraqqiyot strategiyasi" markazi o'z faoliyatini boshlagan edi.
Bugun aynan shu markazning yetakchi mutaxasislari tomonidan oliy ta'lim muassasalari ichida birinchi bo'lib universitetimizda suhbat tashkil etildi. Uchrashuv avvalida Markaz hodimlari bilim dargohimizda mavjud bo'lgan imkoniyatlar, talabalarning ilm o'rganish uchun yaratilgan shart-sharoiti bilan tanishdilar. Quvonarlisi, bunday sharoitlar ularni ancha hayratlantira oldi. Tadbir davomida Harakatlar strategiyasining ustuvor masalalari va hozirda amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot bo'lib o'tdi. Qolaversa, mamlakat Prezidentining 2018-yil 28-dekabrda Oliy Majlisga yo'llagan murojaatnomasi asosiy mavzulardan biriga aylandi. Talabalarimiz tomonidan yo'llangan bir qator savollar va takliflar markaz bosh koordinatori Sherzod Saparovni anchayin qiziqtirib qo'ygani haqiqat. O'zJOKU talabalari bildirib o'tgan savol-takliflar aynan hozirgi kunda Markaz tomonidan o'rganilayotgan masalalar ekanligi aytib o'tildi. Uchrashuvda ta'kidlanishicha, markaz www.strategy.uz sayti faoliyatini yo'lga qo'ygan. Taklif, mulohazalarni bildirish va strategiya bo'yicha ma'lumotlarni olish aynan shu saytda mujassamlashtirilganligi aytildi. Kelgusida ustoz va talabalar tomonidan strategiya markaziga borib, uning faoliyatini atroflicha o'rganishga kelishib olindi. O'ylaymizki, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi bilan hamkorligimiz yanada rivoj topadi. Biz talabalar esa Davlat strategiyasi mazmunini aholiga chuqurroq yetkazish va uning ijrosini ko'rsatib berishda faol fuqarolardan bo'lamiz. Axir, bizning vazifamiz ham shundan iborat.
Asliddin Sabriddinov
O'zJOKU talabasi