22.02.2020 2167

Buyuk Britaniya: O‘zJOKUning yangi hamkori

Kecha Buyuk Britaniyaning Favqulodda va Muxtor elchisi Timoti Torlot boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga tashrif buyurdi. Universitet rahbariyati mehmonlarni universitet faoliyati, shuningdek, universitet hududida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishtirdi.

Tashrif davomida talabalar bilan davra suhbati o‘tkazildi. Kirish qismida universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘jaev o‘z nutqida O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi munosabatlar yangi davrga kirib borayotganini ta’kidladi.

Talabalar elchi janobalariga jurnalistika, ta’lim, siyosat, ijtimoiy sohalariga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Berilgan savollar saviyasi esa yosh jurnalistlarning bo‘lajak kasbiga bo‘lgan qiziqishlari yuqori ekanining tasdig‘i bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

"Talabalar bilan uchrashuv juda samimiy va norasmiy edi, talabalar hatto xayrlashmoqchi emas edilar. Ular ko‘proq yangi va g‘ayrioddiy ma’lumotga ega bo‘lishni xohlashdi. Biz axborot tezda eskirayotgan paytda yashayapmiz. Mushtariylarni ma’lumotga bo‘lgan e’tiborini qozonish va uning haqqoniy ekanligida ishontirish hozirgi kunda juda qiyin bir masala. 

Dunyo tarixida ilk marotaba so‘z erkinligini mustahkamlagan "Huquq qonunlari" 330 yil oldin Britaniya parlamenti tomonidan qabul qilindi. O‘zbekiston esa so‘z erkinligiga uch yil avval qadam qo‘ydi. Shunga qaramasdan taraqqiyot natijalari hozirdan ko‘zga tashlanmoqda", - dedi Sherzodxon Qudratxo‘jaev. Universitetimiz yosh bo‘lsa-da, u o‘zining oldiga katta rejalar qo‘ygan. Unga erishish uchun xorijiy hamkasblarning ishtiroki va biz bilan hamkorlik qilishi juda muhim.

Talabalar bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazishlari uchun biz uzoq muddatli seminar, master-klasslar tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz. Ushbu mahorat darslarini "BBC", "Times"da faoliyatlarini olib borayotgan malakali jurnalistlar bilan tashkillashtirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Britaniya tomoni takliflar uchun o‘z minnatdorchiligini bildirib, universitet tuzilishini, talabalarning bilim saviyasini yuqori baholadi. "Men hamkasblarimni doimo universitetga kelib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini istayman. Haqiqatdan ham, 2 yil davomida universitet katta natijalarga erishibdi. Biz har qanday yo‘l bilan yosh universitetga yordam berishdan mamnun bo‘lamiz. Axir, mamlakat manfaati uchun xizmat qilishi mumkin bo‘lgan mutaxassislarni yetishtirish juda muhimdir",- dedi Timoti Torlot.

Shuningdek, bugungi kunda idora rahbarining o‘rinbosari maqomiga tenglashtirilgan matbuot kotiblarining tobora o‘sib borayotganligi haqida so‘z bordi.

Bundan tashqari, delegatsiya vakillari universitet uchun qanday yordam bera olishlari mumkinligi haqidagi so‘roviga universitet rektori quyidagicha javob berdi: "Agar bizning universitetimizda ekojurnalistika, media savodxonlik, media ta’lim, media madaniyat bo‘yicha talabalarga yetuk mutaxassislar dars berishsa, biz juda ham xursand bo‘lar edik. Bundan tashqari, talabalar va o‘qituvchilar almashuv dasturini tashkil etish maqsadga muvofiq bo‘lar edi". Ushbu takliflar xorijiy mehmonlar tomonidan yuqori darajada baholandi.

Bu faqat boshlanishi! Talabalar va magistrlarni yoqimli hamda kutilmagan sovg‘alar kutmoqda. Bizni kuzatib boring va qaynoq yangiliklardan xabardor bo‘ling!

Bo'lishmoq: