28.11.2019 1458

O‘zJOKU da ilk saylov qahramoni

Olamdagi har bir mavjudotning ibtidosi va intihosi bor. Biz ko‘ra oladigan, his qiladigan barcha narsalar qandaydir sababiyat tufayli yuzaga kelgan. O‘zbekiston degan mo‘jaz mamlakatda ham malakali yosh jurnalistlarga talab kuchayganligi bois O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi. Uning tashabbuskori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdir. O‘zJOKU - Markaziy Osiyodagi Jurnalistika sohasiga ixtisoslashgan eng birinchi universitet. Uning rektori – Sherzodxon  Qudratxo‘jayev. Universitetga eng birinchi tayinlangan prorektor – Fayzulla Mo‘minov. Eng birinchi tayinlangan dekan – Nozima Muratova. Eng tajribali va yoshi ulug‘ professor – Muqimjon  Qirg‘izboyev. Universitetning ilk matbuot kotibi – Kamola Yusupova. Bu ro‘yxatni hali uzoq davom ettirish mumkin. Lekin hozir sizlar bilan “Eng birinchi” degan nominatsiyaga yaqindagina qo‘shilgan inson haqida so‘z yuritmoqchimiz. Kim, qanday qilib deysizmi? Unda o‘qishda davom eting. Sizga aytmoqchi bo‘lganimiz,  O‘zJOKU Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Zilola Abduqaxxorova universitet jamoasi orasidan eng birinchi deputatlikka nomzodi qo‘yilgan xodim hisoblanadilar.

Nazarimda, jurnalist kadrlarni tayyorlash bir mashaqqat bo‘lsa, eng zo‘r deputat sifatida xalq ko‘nglidan joy olish ikki karra mashaqqatdir. Oila tashvishlari, farzand tarbiyasi, ishxonadagi yumushlar, xodimlar bilan til topishish, buning ustiga deputatlik bir inson zimmasiga og‘irlik qiladigandek tuyiladi. Biroq xalq va hokimiyat orasida ko‘prik bo‘luvchi odam aynan ilg‘or, kreativ, jonkuyar, o‘z ishiga mas'uliyat bilan vijdonan yondashadigan shaxs bo‘lishi kerak. O‘ylashimcha, Zilola Shuhratovna aynan shunday inson. Bu so‘zni ularning faoliyati bilan qisman bo‘lsa-da tanish ekanligim uchun aytyapman:

  • Inklyuziv ta'lim, Gender, inson huquqlari, AKT yordamida biznesni rivojlantirish, davlat boshqaruvi, madaniyat va san'at bo‘yicha Xalqaro tashkilotlar loyihalarida maslahatchi;
  • Fransuz Alyansida o‘qituvchi, DALF Xalqaro diplom egasi;
  • Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti loyihasining menedjeri, “Agromart” fermerlar uchun agrar sohadagi yagona veb portal asoschisi;
  • Prezident qoshidagi Loyiha Boshqaruvi Milliy Agentligining Muvofiqlashtiruvchi Kengash Kotibiyat Inspektori;
  • O‘zJOKU Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari, “Media marketing”, “Internetda media loyihalar va boshqaruv” fanlaridan dars beradi.

 

        Hayotimizni va qarashlarimizni, shuningdek, tanlov jarayonini o‘zgartirish vaqti keldi. Saylov bu sizning konstitutsiyaviy huquqingiz. U orqali siz siyosiy jarayonlarga aralasha olasiz. Munosiblarni tanlashda adashmang.

 

D.Olimova

Bo'lishmoq: