04.09.2023 3812

Sherzodxon QUDRATXO‘JAning talabalikka qabul qilingan yoshlar uchun murojaat nutqi

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor

 Sherzodxon QUDRATXO‘JAning talabalikka qabul qilingan yoshlar uchun murojaat nutqi

Assalomu alaykum qadrli talabalik baxtiga erishgan yoshlar, bo‘lajak hamkasblarim! O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga, o‘z universitetingiz, ikkinchi uyingizga ba’zida hatto birinchi uyingizga xush kelibsiz!

Tug‘ilish o‘zi baxt, yashash baxt, ilm olish, ishlash baxt. Bugun universitet ostonasida, biz bilan bir safda turganingizning o‘zi Sizni mamlakatimizdagi 1 milliondan ortiq abituriyent ichidan tanlangan ekaningizni bildiradi. Ya’ni siz omadlilar va bilimlilar qatoridasiz. O‘qishga davlat granti asosidami yoki to‘lov shartnoma asosida qabul qilinganingizning farqi yo‘q, muhimi siz bu yil millatimiz ta’limi fidoyilarini uyaltirgan ko‘rsatgich egalari safida emasligingiz. Xabaringiz bor bu yil testga kirgan abituriyentlarning yarmidan ko‘p qismi o‘tish ballining eng quyisi – 56,7 balldan past natija ko‘rsatgan. Bu yosh avlodning oliy ta’limga nechog‘lik tayyor yoki tayyor emasligini ochiqlab berdi. Universitetlar, oliy ta’lim muassasalari uchun bu katta yo‘qotish negaki biz, rostini aytganda bilimga chanqoq, intiluvchan, savodli yoshlarni o‘qitishni istaymiz. Shunday yoshlar bilan ishlash professor-o‘qituvchilar uchun ham maroqli, shunda ular ham o‘z ustilarida ishlaydilar, yanada yaxshiroq bilim berishga, ta’lim tizimini doimiy isloh etib turishga intiladilar. Bu albatta, o‘z o‘rnida mamlakat rivoji uchun muhim jarayon hisoblanadi.

O‘ylashingiz mumkin, universitet nega intiluvchan, savodlilarni o‘qitishi kerak deb, axir biz bu yerga bizga o‘rgatishlari, bilim berishlari uchun kelyapmizku deya. Ilk kundanoq sizga universitet va maktabning farqli jihatlarini aytib o‘tishim lozim. Negaki, ko‘pchiligingiz maktabni tamomlab kelyapsiz, lekin men bilishingizni istardimki, universitet professor-o‘qituvchilari maktab o‘qituvchilaridan katta farq qiladi. Ularning vazifalari ham farqli – maktabda sizga turli fanlar bo‘yicha bilimlar g‘ijjalab tushuntirilgan bo‘lsa universitet o‘qituvchilari sizga yo‘nalish beradi, sizni qiziqqan sohangiz tomonga yo‘naltiradi. Endi murabbiylar sizga ustoz, domla, yoki oddiy fan o‘rgatuvchi o‘qituvchilar emas ular – koucher, ular mentorlar. Sizdagi IQ va EQ ni rivojlantirishga hissa qo‘shuvchi insonlar. Ular sizga g‘oya berishadi, fikrlaringizni tartibga solishga yordamlashishadi, qolgani esa sizning yelkangizdagi vazifalar: kutubxonaga borish, Googledan, Wikipediadan foydalanish, o‘qish, o‘rganish, rivojlanish bari o‘zingizdan bo‘lishi kerak.

Universitet binosida siz bilim olishingiz mumkin, lekin tajribani hayot beradi. Universitet sizni qiziqishlaringizni rivojlantirib, qo‘llab quvvatlashi mumkin lekin o‘z ustingizda o‘zingiz tinimsiz ishlamas ekansiz, eng zo‘r universitetni bitirib ham siz hech kim bo‘lmasligingiz mumkin. Bilasiz, Cambridge, Harvardda ham talaba mustaqil ishlaydi, doimiy “self study”, “self develop” bilan band bo‘ladi.

Universitetda sizning kelajakdagi yo‘nalishingiz aniq bo‘ladi: Siz mashhur teleboshlovchi bo‘lasizmi (hozir hamma yoshlar havas qiladigan Amirxon va yo Sarvarxon kabi), radioboshlovchimi, taniqli suxandonmi, asarlari bilan mashhur qalamkash jurnalistmi, o‘tkir siyosatshunosmi, ko‘pchilikni ortidan ergashtiruvchi blogermi, videomantajchimi, professional matbuot kotibimi va yo mediadizayner, bari shu yerni tamomlaguningizcha hal bo‘lishi kerak. O‘qishni bitirguningizcha barcha sohalarda o‘zingizni sinab ko‘rib, “men”ingizni topgan joyingizda qoling, univeristet sizga ana shu tajribani berish uchun kerak. Uorren Baffet aytganidek, “Inson doim yaxshi ish qidirishni ortga surib, o‘zi istamagan ishda vaqtini ketkazishi bu yashashni nafaqaga qoldirishdek gap”dir. Shu bois sizda vaqt va imkon borida o‘zingiz uchun eng yaxshi bo‘la oladigan, sevimli sohani universitetda o‘qib yurgan vaqtingizda toping, shunda hammasi o‘z o‘rnida, maromida ketadi. Aks holda, o‘z “men”ingizni topguningizcha yillaringizni, eng yomoni esa yoshligingizni yo‘qotasiz, yoshlik o‘tgach esa barchasini yangidan boshlash yanada qiyinlashaveradi, unutmang!

Men sizga doimiy o‘qing, o‘rganing, izlaning deyman. Lekin ko‘p kitob o‘qish bilan kerakli kitobni o‘qish boshqa boshqa narsalar. Ko‘p kitob o‘qish mumkin lekin kerakli o‘rinda kitoblardan olingan bilimlardan foydalana olmasangiz bu bilimlar huddi tutqichi yo‘q chemodanga, portfelga o‘xshab qoladi. Ularni tashlab yuborishga ko‘zing qiymaydi, foydalanib ham bo‘lmaydi, chunki noqulay. Shu bois bilim zaxirangizni hayotingizning kerakli damlarida kerakli bilimlar bilan to‘ldiring va ulardan qayerda qanday foydalanishni ham o‘rganing. Ba’zan 5-6 ta xorijiy tillarni bilaman deb kelishadi, lekin bilasizmi ular hech qayerda ishlashmaydi, o‘zlarini oddiy ishlarga loyiq ko‘rmay, o‘z bilimlaridan hech kimga foydasi tegmay yashayverishadi bu ham noto‘g‘ri. Ko‘p til bilgan yaxshi, men zexnli va farosatli insonlarni juda qadrlayman, ammo har bir bilimingiz foydali, o‘zingiz va boshqalar uchun ham yaxshi ma’noda manfaatli bo‘lishi zarur. Muqaddas dinimizda ham bu haqida ko‘plab hadislar kelgan. Ko‘p til bilsangizu uni hech bir sohada qo‘llay olmasangiz, bu ham xuddi yuqoridagi “tutqichsiz chemodan” kabi bo‘lib qolaveradi.

Iqra bismika robbikal lazi holaq. O‘qing, o‘qing va yana o‘qing. Yaratgan ham bandalariga “iqra” deya hukm qiladi. O‘qish, bilim, tarbiya, madaniyat insoniyatni hayvoniyatdan, johiliyatdan ajratib turuvchi vositalardir. Men xorij davlat arboblari, taniqli tadbirkorlari bilan birga o‘zimizning taniqli ishbilarmonlarni ham fikrlariga qiziqaman. Ta’lim haqida menga Komil Allamjonovning o‘zi haqidagi kitobida keltirgan fikrlari juda yoqadi. U: “Ta’lim bu cho‘qqiga chiqish uchun katta qadam. Agar ota onangiz o‘zlari uchun ko‘p narsadan voz kechib, sizni o‘qitishga sarmoya tikkan bo‘lsa, kuchingiz, imkoningiz boricha o‘qimaslik bu noshukrlik va umringiz uchun yo‘l qo‘ygan eng katta xatoingizdir. Agar o‘qishga mablag‘ bo‘lmasa hech bo‘lmaganda o‘zingizda buyuk inson bo‘lish uchun ishonchni yo‘qotmang, ishonch bo‘lsa qolganini topish mumkin bo‘ladi. Mustaqil ta’lim va amaliyot – eng ishonchli va bepul universitetdir” deydi. Shunday ekan, hecham harakatdan to‘xtamang, doim o‘z ustingizda ishlang va o‘zingizga nisbatan ishonchingizni yo‘qotmang.

Biz esa sizga eng tajribali o‘qituvchilar, professor-dotsentlar bilan eng kerakli bilimlarni, zamonaviy IT texnologiyalar orqali, zamonaviy uslublar bilan yetkazib berishga tayyormiz. Mamlakatimizdagi deyarli barcha OAVlar, nashriyotlar, agentliklar, katta katta tashkilotlar sizni amaliyot uchun quchoq ochib kutib olishadi. Agar sizda qiziqish bo‘lsa xalqaro hamkorlarimiz orqali xorijda o‘qish v amalaka oshirish uchun ham bizda yetarlicha imkon va aloqalar mavjud. O‘zJOKUda sizni so‘nggi texnologiylar bilan jihozlangan o‘quv xonalari, teleradiostudiyalar, so-working markazlar, fotolaboratoriyalar, ajoyib kutubxona va barcha sharoitlar muhayyo bo‘lgan binolarimiz kutmoqda. Barcha imkoniyat va sharoitlardan foydalana olish esa endi sizning zimmangizda qoladi. 4 yil davomida sizga yaratilgan sharoitlardan oqilona foydalanib o‘z sohasining yulduziga aylansangiz siz uchun ko‘ksimiz faxrga to‘ladi, aksincha bo‘lsa, O‘zJOKUning nomi sizning ma’lumotnomangizni faqatgina “ma’lumoti” degan bandini to‘ldirish uchungina xizmat qilsa, buning bizga ham sizga ham keragi yo‘q. Niyatingiz faqat diplom bo‘lsa, yaxshisi boshqa ta’lim muassasasini va boshqa kasbni tanlang…

Bugundan siz uchun universitetingizda hayotiy darslar boshlanadi. Ishonamanki, O‘zJOKU siz uchun yaxshi maktab, hayotiy universitet bo‘ladi. Hayotdan saboqlarni to‘g‘ri olish esa sizga havola. Universitetingizga xush kelibsiz, aziz yoshlar!

Bo'lishmoq: