23.01.2020 1201

O‘zJOKUda dissertatsiyalar himoyasi

2020 yilning 22 yanvarida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida 10.00.09 – Jurnalistika ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan ikkita dissertatsiya himoyasi o‘tkazildi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti mustaqil tadqiqotchisi Doniyorov Salim Musurmonovich hamda O‘zbekiston milliy universiteti mustaqil tadqiqotchisi Yunusov Mansur Abdullaevichlarning dissertatsiyalari 2019 yilning noyabr oyidagi ilmiy seminarda himoyaga tavsiya etilgan edi.
Dastlab Doniyorov Salim Musurmonovichning “Mediakonvergentsiya sharoitida gazetalar tahririyatlari rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlari” (O‘zbekiston misolida, 2010 yildan keyingi davr) dissertatsiyasi himoyasi tinglandi. Dissertantning taqdimotidan so‘ng yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, tadqiqotchining ishiga berilgan taqrizlar mazmuni bilan tanishtirildi.
Qisqa tanaffusdan so‘ng yana bir mustaqil tadqiqotchi Yunusov Mansur Abdullaevichning “Mustaqillik davrida O‘zbekistonda bolalar jurnalistikasining taraqqiyoti: yutuqlar, muammolar va echimlar” (bosma nashrlar misolida) dissertatsiyasi himoyasi tinglandi. Tadqiqotchining o‘zbek bolalar jurnalistikasini rivojlantirishga oid xulosa va tavsiyalari yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘tarinki ruhda o‘tgan taqdimot va savol-javob qismlaridan so‘ng taqrizchilarga so‘z berildi.
Himoyalar so‘ngida ovoz berish natijalariga binoan har ikki talabgor ham filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olishga loyiq deb topildi.
O‘zJOKU jamoasi nomidan tadqiqotchilar Salim Doniyorov va Mansur Yunusovlarni muvaffaqiyatli himoya bilan tabriklaymiz!

Bo'lishmoq: