15.02.2020 1205

O‘zJOKUda navbatdagi ilmiy seminar

2020-yilning 12-fevral kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida yana bir yosh tadqiqotchi o‘z ilmiy seminarini o‘tkazdi.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti doktoranti Nuriddinova Madinabonu Chorievna tomonidan 10.00.09 – Jurnalistika ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiya ishining mavzusi “Mediakonvergentsiya sharoitida multimediaviy jurnalistika” deb nomlanadi.

Aytish joizki, bugun dunyo miqyosida jurnalistika amaliyoti nazariyadan ancha ilgarilab ketmoqda. Biroq nazariya amaliyot bilan yakqadam, hatto undan bir qadam oldinda bo‘lishi shart. Shu bois nazariyotchi olimlar tomonidan multimediaviy jurnalistika, konvergent tahririyatlar boshqaruvi, onlayn jurnalistika, axborot vizualizatsiyasi, media savodxonlik kabi dolzarb mavzularning tadqiqot uchun tanlanayotganligi quvonarli hol. Sababi aynan shunday tadqiqot ishlari “Jurnalistikaning kelajagi qanday bo‘ladi?” “Uning jamiyatdagi funktsiyalari qanday bo‘ladi?” “Qaysi yo‘nalish va tarmoqlarini saqlab qoladiyu, qaysilari endi jurnalistika bo‘lmay qoladi?” kabi yuzlab savollarga javob topishga xizmat qiladi.

Seminarda yig‘ilgan ilmiy kengash a’zolari tadqiqotchi tanlagan mavzu dolzarb va amaliy ahamiyati yuqori ekanligini ta’kidlashdi.

Qizg‘in savol-javoblar davomida multimediaviy texnologiyalar ta’sirida jurnalistikada kuzatilayotgan texnologik universallashuv, tematik ixtisoslashuv holatlari haqida ham fikrlar bildirildi.

Bo'lishmoq: