16.03.2020 93

OTM talabalari uchun 2 haftalik ta'til e'lon qilindi

2020-yilning 16-mart kunidan O‘zbekiston Respublikasidagi barcha oliy ta’lim muassasalari (OTM) bakalavriat va magistratura talabalari uchun 2 haftalik ta’til e’lon qilindi.

Ikki haftalik ta’til talabalar va professor-o‘qituvchilarning sog‘lig‘ini himoyalash hamda OTMlarning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash maqsadida e’lon qilingan.

Mazkur qaror 15-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi koronavirus infektsiyasining tarqalishini oldini olish va ta’lim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash yuzasidan respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilindi.

Ushbu qaror Toshkent Davlat Pedagogika Universitetiga (TDPU) ham tegishli.

Joriy yilning 16-martidan boshlab TDPU tasarrufidagi binolar va hududlarda karantin e’lon qilinadi va tozalik-dezinfektsiya tadbirlari kuchaytiriladi, yordamchi xizmatlar va tibbiyot bo‘limi zaruriy tibbiy asbob-uskunalar, zararsizlantiruvchi vositalar hamda dori-darmonlar bilan ta’minlanadi.

Ta’tildan keyingi o‘quv jarayoni boshlanish sanasi ikki haftalik ta’tilning oxirgi kunlarida alohida e’lon qilinadi. Bu xabar TDPUning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida beriladi.

Talabalarga ta’til davomida doimo sog‘lom turmush tarziga va sanitariya-gigiena qoidalariga rioya qilish, jamoat joylarida niqob taqish, gripp yoki shamollashga o‘xshash alomatlarni sezsangiz, uydan chiqmaslik va darhol 103 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan holda shifokor chaqirish, qo‘l berib so‘rashmaslik, qo‘llarni tez-tez sovunlab yuvib turish, imkon darajasida odamlar ko‘p to‘plangan joylarga bormaslik tavsiya etiladi.

1003 qisqa raqami koronavirus bo‘yicha barcha savollarga javob beradi. Ushbu qisqa raqam muntazam ravishda ishlaydi va mutaxassislar murojaatlarga javob berib boradi.

Karantin vaqtida yolg‘on va tekshirilmagan hamda odamlarda vahima yaratadigan xabarlar tarqatadigan shaxslarga nisbatan amaldagi qonunchilik doirasida jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Bo'lishmoq: