19.12.2018 427

Barchangizga yangi universitet muborak bo`lsin!

Hurmatli hamkasblar va talabalar!

     O’zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning 2018-yil 24-maydagi “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori asosida o‘z faoliyatini boshladi.  

        Tashkil etilganidan so`ng, universitetning ustuvor vazifalari sifatida quyidagilar belgilandi:

- Yuqori malakali, bir necha xorijiy tillarni mukammal biladigan mutaxassislarni, ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;

- ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;

- Respublikada mediata`lim tizimini yaratish;

- mamlakatimizda mediasavodxonlik darajasini oshirish;

- soha hodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

- yuqorida keltirilgan yo`nalishlarda ilmiy va o`quv-metodik materiallarni ishlab chiqish;

- yangi adabiyotlar bazasini yaratish.

      Zamonaviy dunyoni axborotsiz tasavvur etib bo`lmaydi. Jurnalistlarning vazifasi esa insonlarning ma`naviy taomi bo`lgan axborotni tezkorlik bilan omma ixtiyoriga havola etish va lozim bo`lganda tahlil qilib, tushuntirib bera olishdir. Biroq bugungi kunda jurnalistlar bu borada oqsayotgani hech birimizga sir emas.  Globallashuv davri deya e`tirof etilayotgan zamonamizda axborotga jurnalistlardan avval, soha bo`yicha mutaxassis bo`lmagan, mavzuga doir bilim va ko`nikmalarga ega bo`lmagan insonlarning egalik qilishlari achinarli va havflidir. Negaki, bu axborot asri, bunda dunyoni axborot boshqaradi. Biz esa mutaxassis bo`lmagan insonlarning xato ma`lumotlari dunyoimizni boshqarishiga yo`l bermasligimiz lozim.

     Jurnalistlarimiz dunyoda va mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga baho berishlari va tafsilotlarini keng ommaga vaqtidan kechikmay yetkazishning uddasidan chiqishlari darkor. Biz O`zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (O`zJOKU)da xorijiy ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar bilan bellasha oladigan jurnalist kadrlarni tayyorlashimiz, mamlakat jurnalistikasini esa yuqori cho`qqiga olib chiqishga hissa qo’shishimiz kerak.

     Aziz hamkasblar va universitetimiz talabalari! Bugun bizga juda katta ishonch bildirildi. Ishonchni oqlash uchun esa zamon talablariga mos jurnalist bo’lib yetishishingiz shart. Sizlardan talab qilinadigani esa o`qish, izlanish, o`z ustida ishlash va o`z kasbini fidoiylarcha sevishdir! Buning uchun sizlarga zarur sharoitlar yaratishni o`z bo`ynimizga olgan holda, ta`lim olish jarayonida sizga katta zafarlar tilab qolaman!

   Sherzodxon Qudratxodjayev

Bo'lishmoq: