31.05.2022 1473

1-iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga Yakkasaroy tumanida joylashgan 15 ta maktab biriktirilgan edi.

Universitet mas’ullari ushbu maktablarda doimiy ravishda turli tadbirlar, treninglar uyushtirib, o‘quvchilarning dars jarayonlaridagi faolligi, qolaversa, maktabdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishgan holda ularga kerakli jabhalarda turli yordamlar berib kelmoqda.

Bugun ham ana shunday tadbirlardan biri 25-sonli “Quyoshli bolalar” maktabida bo‘lib o‘tdi.

1-iyun “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda turli soha vakillari jam bo‘ldilar. Tadbirda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja, estrada yulduzi Ruxshona, bolalar uchun maxsus animatsiya ustalari bolalarni bayram kayfiyatlariga sababchi bo’ldilar. Sho‘x musiqa sadolari, bolalarning xursandchiligi maktab hovlisini yanada ko‘proq quvonchga to‘ldirdi.

Ushbu maktabda tarbiyalanuvchi beg‘ubor ammo hayotdan juda ko‘p narsa kutayotgan murg‘aklarning ko‘ngli va imkoniyatlari yarim.

“Ochig‘ini aytganda, maktabdagi muhitni, o‘quv xonalaridagi sharoitni, qayta ta‘mirlashga katta e’tibor qaratilganini eshitib, behad shod bo‘lasan kishi. Ushbu dargohning yangicha qiyofada shakllantirish uchun ajratilgan 4 mlrd so‘m mablag‘ orqali bolalar uchun o‘zgacha muhitni yaratish imkoniyati barchamizga umid beradi.

Joriy yilda ushbu maktabni 17 nafar qora ko‘zlar tamomlaydi. Har birining oldiga qo‘ygan yuksak marralari bor va bu yo‘lda yelkadosh bo‘lishga doim tayyormiz.

Shu o‘rinda mashhur komik aktyor Charli Chaplinning gaplari yodimga keladi: “Men yomg‘irda yurishni yaxshi ko‘raman, chunki yig‘laganingda ko‘z yoshlaring ko‘rinmaydi.  Bugun ko‘zim kulsa-da qalbim yig‘ladi. Aslida bu murg‘aklarda ayb yo‘q, hamma ayb jamiyatda. Agar biz erta nikohni va qarindoshlar o‘rtasidagi oila rishtalari bog‘lashnishini oldini olsak, bu holatlar kamayishiga hissa qo‘shgan bo‘lar edik” - deydi professor Sherzodxon Qudratxo‘ja.

Ularning umidli ko‘zlari, intiq nigohlari, haqiqatan, har kimning ko‘zida yosh tomchilashiga sabab bo‘ladi. Bugun esa bu umidli ko‘zlarning qalblarida shodlik, yuzlarida tabassum aks etganini ko‘rib, benihoya, quvondik. Ular bilan yanada ko‘proq vaqt o‘tkazishni maqsad qildik.

Bo'lishmoq: