24.05.2022 2644

4 yoshing muborak!

Joriy yilning 24-may sanasida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tashkil etilganligiga 4 yil to‘lishi munosabati bilan “Zamonaviy axborot makoni: bizni qanday kelajak kutmoqda?” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Nega aynan bu kun O‘zJOKU uchun muhim? Ta’lim maskanimiz 4 yilga to‘lishi bilan birga universitetning birinchi qaldirg‘ochlari chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3737-sonli qaroriga asosan tashkihl qilingan. Bu yil universitet tashkil topganiga 4 yil to‘ldi.

Anjuman ochilishida Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosiy fanlar nomzodi, professor Sherzodxon Qudratxoʻja; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov; Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari Odiljon Tojiyev; Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev hamda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy Uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov nutq soʻzladilar.

Shundan soʻng tadbir universitet kafedralari tomonidan tashkil etilgan 5 ta shoʻbada davom ettirildi.

Bular:

 

•  Internet jurnalistika va ijtimoiy tarmoqlar fakulteti tomonidan oʻtkazilayotgan “Krizis vaziyatlar va media makon: axborot xavfsizligi va haqqoniyligi” mavzusidagi 1-shoʻba;

Bosma OAV va noshirlik ishi fakultyeti tomonidan oʻtkazilayotgan “Milliy mass-mediada soʻz erkinligi va zamonaviy tendensiyalar: amaliy tajriba va yondashuvlar” mavzusidagi 2-shoʻba yigʻilishi;

•  Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar fakulteti Jamoatchilik bilan aloqalar va reklama kafedrasining “PR: kreativ, kommunikativ, kredo” mavzusidagi 3-shoʻba yigʻilishi;

•  Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar fakulteti Xorijiy tillar kafedrasining “Media sohasida xorijiy tillarni oʻqitish: qanday yondashamiz” mavzusidagi 4-shoʻba yigʻilishi;

•  Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar fakulteti Teleradio va xalqaro jurnalistika kafedrasining “Avtomobil sohasida elektromobil, media sohasida-chi? Bizni nima kutmoqda?!” mavzusidagi 5-shoʻba yigʻilishi oʻtkazildi.

 

OʻZBEKISTON JURNALISTIKA VA OMMAVIY KOMMUNIKATSIYALAR UNIVERSITETI RAQAMLARDA:

 

Joriy yilda universitetni ilk marotaba bakalavr bosqichidagi 119 nafar talaba bitiradi. Magistratura bosqichidagi bitiruchilar soni esa 144 nafar.

Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida 3 ta fakultet hamda 2 ta boʻlim mavjud boʻlib, bular “Bosma OAV va noshirlik ishi”, “Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar”, “Internet jurnalistikasi” fakultetlari hamda Sirtqi va Magistratura boʻlimlarida talabalar tahsil olib kelmoqda.

 

OʻzJOKUda ilmiy darajasi yoʻq boʻlsa ham, lekin Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi va umuman, hayotiy tajribaga ega insonlarni taklif qildik.

Universitet ijtimoiy tarmoqlarda juda faol. Universitet qisqa muddat ichida boʻlsa ham, AQSH, Turkiya, Janubiy Koreya, Latviya, Litva, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻizistonning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik qilib boradi.

Bugungi kunda OʻzJOKU talabalari soni jami 2590 nafarni tashkil qiladi. Jumladan:

– bakalavriat kunduzgi taʼlim shaklida: 1465 nafar, shundan 909 nafari qizlar (62%);

– bakalavriat sirtqi taʼlim shaklida: 686 nafar, shundan 451 nafari qizlar (65,7%);

– bakalavriat kechki taʼlim shaklida: 108 nafar, shundan 76 nafari qizlar (70,4%);

– magistratura bosqichida: 295 nafar, shundan 207 nafari qizlar (70,2%);

– ikkinchi mutaxassislikda: 36 nafar, shundan 15 nafari qizlar (41,6%).

 

Hozirgi kunda universitetning bakalavriat va magistratura bosqichlari kunduzgi boʻlimi jami 1760 nafar talabalaridan 792 nafari (45,0 %) mehnat bozorida ish bilan band (rasmiy va norasmiy). Xususan:

– 160 nafar (20,2 %) talaba internet veb-saytlarida;

– 46 nafar (5,8 %) talaba bosma OAVda;

– 180 nafar (22,7 %) talaba ishlab chiqarish sohasida;

– 125 nafar (15,8 %) talaba xususiy korxonalarida taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisliklari boʻyicha;

– 191 nafar (24,1 %) talaba turli mavsumiy ishlarda;

– 90 nafar (11,4%) talaba MTRK va xususiy teleradio kompaniyalarida mehnat faoliyati bilan band.

 

Ahamiyatli jihati shundaki, 4 yil davomida talabalarimizga faqatgina nazariy bilim beribgina qolmay, balki uni amaliyot bilan uygʻunlashtirdik. Talabalarimiz 50-60 foiz oʻquv vaqtini auditoriyalarda oʻtkazishsa, qolgan paytlarda amaliyotda boʻlib, tajriba orttirib kelishadi.

 

Yaqinda siyosatshunoslik yoʻnalishi ochildi. Hozir mintaqashunoslikdan darslar berilmoqda. 8 ta xorijiy til talabalarimizga oʻrgatilmoqda. Yana yangi yoʻnalishlar ochish boʻyicha izlanishlar olib borilyapti.

Shuni quvonch bilan aytamanki, bu yil universitetimizni Prezidentimiz qarori bilan tashkil etilgan yili oʻqishga kirgan 119 nafar bakalavriat talabasi “ilk qaldirgʻoch” sifatida tamomlaydi.

Qolaversa, har yili ilmiy salohiyatimiz ham ortib bormoqda. Jumladan, 4-5 nafar yosh tadqiqotchilar fan doktori, falsafa fanlari doktori (PhD), dotsent va professor unvonlariga sazovor boʻlyapti.

Bo'lishmoq: