12.02.2019 1940

“Ajdodlarga ehtirom” mavzusida ajoyib nazm oqshomi tashkil etildi.

  Fevral oyi xalqimizga o’zgacha shukuh bilan kirib keladi. Sababi, aynan bu oyda ikki buyuk davlat arbobi, she’riyatning yuksak darg’alari Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud ayyomi nishonlanadi. Qaysi dargohga bormang, bu ikki shaxsga bag’ishlangan tadbir, yoxud she’riyat kechasi ustidan chiqishingiz aniq. Chunki xalqimizning qalbida hamisha o’z ajdodlariga nisbatan ulug’ muhabbat va hurmat tuyg’ulari jo bo’lgan.
  Xususan, "O’zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar" universitetida ham 12-fevral kuni “Ajdodlarga ehtirom” mavzusida ajoyib nazm oqshomi tashkil etildi. Bayram shukuhi ta’lim dargohimizda ancha ilgari boshlanganidan ko’pchilik xabardor. Ijtimoiy tarmoqlardai universitet sahifalarida Navoiy va Bobur ijodiga oid #g’azal_challenge va #ruboiy_challenge lar tashkil etilgani hammamizda qiziqish uyg’otgani tabiiy. Bu chellendjlarda barcha o’zining iqtidorini, g’azal o’qish salohiyatlarini namoish eta olishdi. Tadbir ham aynan universitetimizda tasvirga olingan ajoyib videorolik bilan boshlandi. Tadbirimizga bosh mehmon sifatida O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi, O’zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid tashrif buyurdilar. Ularning ikki buyuk ijodkor haqidagi fikrlari talabalarda yanada yangi tassurotar qolishida xizmat qildi. Qolaversa, Sirojiddin Sayyid o’z ijod na'munalaridan ham she’r o’qib berganligi tadbirni haqiyqiy ma’noda nazm oqshomiga aylantira oldi. Bir hafta davomida o’tkazilgan maqolalar va portretlar tanlovi g’oliblari taqdirlandilar. Talabalarimiz tayyorlagan chiqishlarda Navoiy va Bobur xoyoloti keng yoritib berildi, o’sha davrga kichik bir sayohat uyushtirilgandek bo’ldi. Diyora Nabijonova va Azim Atxamov tomonidan Bobur va Navoiy qalamiga mansub qo’shiqlar ijro etildi, rus guruhlari tomonidan ham Navoiy va Bobur ruboyilari rus tilida nazm etildi. Tadbir yakunida Sirojiddin Sayyid Yozuvchilar uyushmasi nomidan 300 ta eng sara kitoblarni universitetimizga sovg’a qildilar. Albatta, bu talabalarimizning yanada salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.  

Muallif: Asliddin Sabriddinov

Fotograf: Doniyor Shog'ulomov

Bo'lishmoq: