Bugun Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi ko‘magida, Turizmni rivojlantirish agentligi tomonidan Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda xafvsiz turizm #SafeTurism shiori ostida tashkil etilgan press-tur davomida Antaliyaning Akdeniz universiteti ommaviy kommunikatsiyalar fakultetida bo‘ldik.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, 1982-yilda tashkil etilgan Akdeniz universiteti nafaqat Antaliya o‘lkasining, balki Turkiya universitetlari ichida kuchli yigirmatalikka kirgan nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitetda 24 ta fakultet mavjud bo‘lib, 25 mingga yaqin talaba tahsil oladi, ularga 2400 nafar professor-o‘qituvchilar saboq beradilar. So‘nggi yillarda mazkur ta’lim muassasasi jahon universitetlari reytingida o‘rin olish uchun bir kator xalqaro loyihalarda ishtirok etmoqda.
Bizni universitetning xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Alcha Ilchin xonim kutib oldi. Shu erda ommaviy kommunikatsiyalar fakultet rahbariyati bilan muzokaralar tashkil qilindi. Universitetning ommaviy kommunikatsiyalar fakultetida ikki minglan ortiq talabaga bosma OAV, televidenie, radio, internet jurnalistikasi, sotsial media, jamoatchilik bilan aloqalar, mediamenejment singari mutaxassisliklar bo‘yicha saboq beriladi. Pandemiya munosabati bilan hozir fakultet ta’lim onlayn shaklda tashkil qilingani uchun bu erda talabalarni uchratmadik. Ammo fakultet binosiga kirgandan bu erda ijodiy muhit mavjudligiga guvoh bo‘ldik.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining ilmiy va innovatsiya ishlari bo‘yicha prorektor Nozima Muratova kelgusidagi ikki universitetda ta’lim jarayonlarni tashkil qilishda o‘zaro tajribalarni o‘rtoqlashish, shuningdek talabalar va o‘qituvchilar almashish, ilmiy-tadqiqotlar olib borishda hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha amaliy takliflarni o‘rtaga tashladi. Bu takliflar hamkasblarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ayniqsa, ularni O‘zJOKUdagi doktorantura bosqichining borligi qiziqtirib qo‘ydi. Chunki Akdeniz universitetida hali bu bosqich shakllantirilmagan ekan.
Bir so‘z bilan aytganda, Akdeniz universiteti bilan bo‘lgan uchrashuv hozircha samarali kechdi. Kelgusida hamkorlik bo‘yicha aniq vazifalarni ko‘rib chiqishga kelishib olindi.