23.09.2020 1165

Bugun Shavkat Mirziyoyev BMTda chiqish qiladi

Bugun, 23-sentyabr kuni Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzga chiqadi. Unda davlat rahbari mintaqa va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash kabi masalalarda oʻz tashabbuslarini ilgari surishi kutilmoqda.

Videoanjuman shaklida oʻtadigan yigʻilishda Shavkat Mirziyoyevning chiqishi Toshkent vaqti bilan soat 18:00ga toʻgʻri keladi.

Nuqt oldidan “Yuksalish” umummilliy harakati prezident tomonidan 2017-yil sentyabrida, BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surilgan va amalga oshirilgan tashabbuslarni sanab oʻtdi.

 

“Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi tashkil etildi (2018-yil 27-mart).
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvlari oʻtkazildi. BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilindi (2018-yil 22-iyun).
Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasiga asos solindi (2018-yil 27-noyabr).
BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” haqidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi (2018-yil 12-dekabr).
Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya loyihasi ishlab chiqildi. U inson huquqlari boʻyicha ikkinchi Samarqand veb-forumida muhokama qilindi (2020-yil 12-13-avgust).

Orol muammosi

 

 

Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridagi avvalgi nutqida dunyo hamjamiyati eʼtiborini yana bir bor bugungi kunning eng oʻtkir ekologik muammolaridan biri — Orol halokatiga qaratgan edi.
Davlat rahbari dengizning qurishi bilan bogʻliq oqibatlarni bartaraf etish xalqaro miqyosdagi saʼy-harakatlarni faol birlashtirishni taqozo etayotganini taʼkidladi.
2018-yil 27-noyabrda Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻpsheriklik Trast jamgʻarmasi tashkil etildi.

Afgʻoniston muammosi

 

 

Prezident 3 yil oldingi nutqida Afgʻonistonda tinchlikka erishishning yagona yoʻli — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar oʻrtasida oldindan hech qanday shart qoʻymasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borish zarurligini taʼkidlagandi.

2018-yil 27-mart kuni “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtdi.

Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik haqidagi rezolyutsiya

 

 

Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazish muhimligini taʼkidlagandi.

Davlat rahbari sessiyada BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan chiqqandi. Hujjatning asosiy maqsadi — barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashishdan iborat.

2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi ushbu rezolyutsiyani qabul qildi.

Markaziy Osiyodagi birdamlik

 

 

Oʻzbekiston prezidenti oʻsha nutqida “Oʻzbekiston bugungi kunda oʻzining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqda”, — deya taʼkidlagan edi.

2018-yil 22-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya

 

BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻz olgan Shavkat Mirziyoyev yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʻravonlik gʻoyasi “virusi” tarqalishining oldini olish ahamiyatini taʼkidlagandi.

Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat — BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqishni taklif etmoqda.

Manba: https://kun.uz/69184844

Bo'lishmoq: