12.12.2019 1461

Buyuk qirg‘iz yozuvchisining tavallud ayyomi O‘zJOKUda keng nishonlandi

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda jahon adabiyoti tarixida o‘chmas iz qoldirgan Qirg‘iziston va Qozog‘iston xalq yozuvchisi, “Evropa adabiyoti” va “Javaxarlal Neru” nomidagi xalqaro mukofoti sovrindori Chingiz Torekulovich Aytmatov ijodiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvga Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi, professor Ibragim Junusov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, dotsent Sherzodxon Qudratxodjaev, prorektor, filologiya fanlari nomzodi Alisher Matyakubov, professor Muqimjon Qirg‘izboev, Bosma OAV va noshirlik ishi fakulteti dekani Akbar Nurmatov va boshqa professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etishdi.
Tadbirni universitet rektori Sherzodxon Qudratxodjaev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Avvalo, Chingiz og‘a nafaqat qirg‘iz eli uchun, balki barcha turkiy xalqlarning kitobxonlari uchun sevimli va qadrli, u zamonamizning qaxramoni sifatida o‘z millitani dunyoga tanitgan buyuk yozuvchidir. Adibning asarlarida barcha tirik jonzotlarga bo‘lgan muhabbatini izxor etuvchi insonparvarlik g‘oyalari aks etgan. "Proщay, Gulьsarы!" (“Alvido, ey Gulsara”) asari ham adibning ijodiy faoliyatidagi katta bir qadam bo‘ldi. Asar qaxramoni Tanabay. U hech qachon yuqori lavozimda ishlamagan. Jasur, to‘g‘riso‘z, xalol, o‘z mexnati va kuchiga ishonadigan qat’iyatli shaxs, o‘zida eng yaxshi fazilatlarni aks ettirgan qirg‘iz xalqining milliy qaxramonidir. Uni xattoki “Xalq dushmani” sifatida ko‘rishganda ham odamlarga bo‘lgan ishonchini, hayotga bo‘lgan muxabbatini yo‘qotmaydi. Va so‘ngida odamlar uchun u “Xalq qaxramoni”ga aylanadi. Shuningdek, “Sarviqomat dilbarim”, “Birinchi muallim”, “Jamila” va boshqa asarlari batafsil muxokama qilindi.
Elchi janoblari Ibragim Kodjonazarovich ham adibning nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda tan olingan asarlari haqida batafsil gapirib o‘tdi. Ularni tahlil qilib berdi. Chingiz Aytmatovdek insonning hayot yo‘li, ko‘rgan kechinmalari o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun o‘rnakligini ta’kidladi. Uning hikoya va qissalarini o‘qib, ularning ulkan badiiy, estetik va ijtimoiy ahamiyatini, bu buyuk yozuvchining iste’dodi qanday rivojlanib borayotganini, uning yanada chuqur va ko‘p qirrali bo‘lishini kuzatamiz. Aytmatovning har bir yangi asari qizg‘in munozara mavzusiga aylanadi, u alohida keskinlik bilan qabul qilinadi, sizni adabiyotning dolzarb muammolari, inson hayoti muammolari to‘g‘risida o‘ylashga majbur qiladi. Chingiz Aytmatov iste’dodining go‘zalligi va jozibasi nimada? Yozuvchi zamonaviy dunyoga diqqat bilan, mehr va talabchan nazar bilan qaraydi. Uning adabiy qahramonlari bizning hayotimizga kiradi: ularda biz o‘zimizni, do‘stlarimizni va dushmanlarimizni ko‘ra olamiz; biz chin dildan sevamiz, boshqalardan esa nafratlana olamiz. Bugun uchrashuvda Chingiz Aytmatov domlaning biz bilmagan ko‘p qirralarini ochib berishdi. Shuningdek, professor Muqimjon Qirg‘izboev, Akbar Nurmatov, Barno Buranova va talabalar ham ma’ruza bilan ishtirok etishdi. So‘ng, talabalar o‘z ijodiy namunalari bilan mexmonlarga yaxshi kayfiyat ulasha oldilar.
Bugungi uchrashuvimiz Chingiz Aytmatovni teranroq anglashimizga, ijodiga yanada ildam kirib borishimizga muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Bo'lishmoq: