Xabaringiz bor kuni kecha “Yoshlar kuni” munosabati bilan davlatimiz rahbari bir guruh yoshlarni davlat mukofoti bilan taqdirladi. Eng quvonarlisi shundaki, ular orasida Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalari ham bor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qaroriga binoan universitetimizning sirtqi bo‘lim, “Matbuot va noshirlik ishi” yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Asilbekov Islom Egamberdi o‘g‘li ushbu davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, universitet bitiruvchisi, xalqaro press klub jurnalisti Yelena Chuyanova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar kuni munosabati bilan yurtimizning faol va tashabbuskor yosh avlod vakillaridan bir guruhini mukofotlash tog‘risida”gi qaroriga binoan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.
Yelena Chuyanova va Islom Asilbekovni ushbu e’tirof bilan chin dildan qutlaymiz va ularga ijod olamida yuksak parvozlar tilab qolamiz!