24.02.2021 854

Davron Kabulov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti yana bir mehmonni kutib oldi. Xalqaro jurnalistika va jamoatchilik bilan aloqalar fakulteti tomonidan tashkillashtirilgan uchrashuvda Million jamoasi asoschisi Davron Kabulov mehmon bo‘ldi.

Bilamizki, Davron Kabulov shou-biznes vakili bo‘lishi bilan birga sport telekanalida ham jurnalist sifatida faoliyat yuritgan. U o‘z tajribasidan kelib chiqib talabalarga juda ko‘p motivatsion fikrlar berdi, ular bilan ochiq gaplashdi, hazil aralash lekin gapini tagida haqiqat yotgan fikrlarini aytib ketdi. Jurnalistika, shu bilan birga marketing va biznes yo‘nalishlarida ham o‘z maslahatlarini berdi.

Ha aytgancha, Ahad Qayum bilan bo‘lgan PR ga ham o‘z fikrini berib ketdi. Ya’ni Ahad Qayumning Million jamoasi bilan qilgan barcha videomurojaatlari bevosita Davron Kabulovning roziligi bilan bo‘lgan ekan. Ahad Qayumdan videomurojaat borligini eshitganida hech qanday qarshilik bildirmaganini aytdi. Shuningdek, Davron Kabulovning fikricha, Ahad Qayum rejissyor sifatida xalqqa “qurtlagan olma”larini sotayotgan ekan.

Suhbat judayam ochiq va do‘stona tarzda bo‘lib o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga to‘liq javob olishdi.

O‘ylaymizki, universitetda hali juda ko‘p mashhur mehmonlarni qarshi olamiz, chunki ular bilan o‘tkazilayotgan suhbatlar, uchrashuvlar universitet talabalarini yanada ilhomlantirishi aniq.

Bo'lishmoq: