23.02.2020 1288

Fake News & True News: faktchecking qoidalari

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab yolg‘on xabarlarga duch kelamiz. Umuman olganda, feyk xabarlar soni kundan kunga ortib bormoqda. Xo‘sh, qanday qilib jadal rivojlanayotgan davrda qaysi xabar feyk, qaysi xabar esa to‘g‘ri ekanligini bilishimiz mumkin? O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universitetida ushbu mavzuga bag‘ishlangan  maxorat darsi bo‘lib o‘tdi.

Treningni Iordaniyalik mutaxassis Moath Althanher olib bordi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan "O'zbekiston ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik manfaatlariga xizmat qilish salohiyatini oshirish. II Bosqich" nomli YUNESKOning loyihasi doirasida O‘zbekiston elektron OAV Milliy Assotsiatsiyasi va hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda jurnalistlar, blogerlar va media sohasi vakillari uchun "Qisqa videolar shaklidagi faktcheking" nomli 5-kunlik seminar-trening tashkil etildi.

"Feyk ma’lumotlar real axborotdan ko‘ra 6 barobar tezroq tarqaladi. Internetdan tarqalgan yolg‘on xabarlar oqibati fojiali yakun topgan xolatlari ham uchrab turadi. Kimdir PR uchun, kimdir daromad ilinjida, yana kimdur o‘z qarashlaridan kelib chiqib noto‘g‘ri ma’lumotlarni atayin tarqatadi. Afsuski, ko‘pchilik ma’lumotni tekshirmaydi. Hayotimizni internetsiz tasavvur qila olmaydigan bugungi kunda faktlarni tekshirish davr talabi bo‘lib qoldi", - dedi  Moath Althanher. - "Texnologiyalar rivojlangan sari, internet har joyga yetib borishi bilan noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishi xavfi ham ortib bormoqda. Shunday ekan fakt tekshiruvchilari ham kuchayishlari kerak".

Seminar yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarini taqdim etib, mutaxassis tomonidan javob olishdi.

Bo'lishmoq: