09.02.2022 461

Hindiston elchisi O‘zJOKUda

Bugun O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Hindiston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va Muxtor elchisi Shri Manish Prabxat hamda “Lal Bahadur Shastri nomidagi Hind madaniyat markazi” direktori professor Shekxar Chander mehmon bo‘ldilar.

Mehmonlarni universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja va uning jamoasi kutib olib, universitetning e’tiborga molik joylari bilan tanishtirdilar. Mehmonlar universitet mobil muzeylari, tele va radiostudiyalarini tomosha qilib, talabalarning ijod jarayonlarida bandliklarini ham kuzatdilar.

Uchrashuvda muhokama qilingan muhim masalalardan biri bu universitetda mintaqashunoslik yo‘nalishi ochish rejalashtirilayotgani va uning uchun Hindshunos professorlar, hind tilidan talabalarimizga dars beruvchi o‘qituvchilarni jalb etish masalasi bo‘ldi. IT sohasi bo‘yicha ham dunyoda yetakchi o‘rinda turuvchi, shuningdek millionlab auditoriyaga ega bo‘lgan medialari bor Hindiston mamlakati bilan jurnalistika va kommunikatsiya sohasida ham hamkorlik qilish universitet uchun ham juda istiqbolli ekani ta’kidlab o‘tildi.

Yuqoridagi masala va takliflar yuzasidan elchixona hamda madaniyat markazi albatta, universitetga ko‘makdosh bo‘lishlarini va O‘zbekistondagi eng yirik jurnalistlarni tayyorlovchi oliygoh bilan hamkorlik o‘rnatishdan bag‘oyatda shod ekanlarini bildirishdi.

Tashrif yakunida mehmonlar O‘zJOKUning “Mehmonlar kitobi” ga o‘zlarining samimiy tilaklarini yozib qoldirib, har ikki taraf bir birlari uchun tayyorlagan esdalik sovg‘alarini topshirdilar.

Bo'lishmoq: