16.11.2020 873

“Ikkinchi uyingizga” xush kelibsiz, aziz talabalar!

Bugun 16-noyabr kuni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bakalavriat yo‘nalishining 1-kurs talabalari uchun o‘quv jarayoniga start berildi.

Universitetimizning 1-kurs talabalari o‘qish offlayn tarzda boshlanganidan mamnun, sababi endilikda ular har kuni o‘z kursdoshlari, tengdoshlari bilan bevosita muloqotda bo‘lishadi va yangiliklarmi bir-birlari bilan bo‘lishib boradilar. Qolaversa, bugundan boshlab ular fan o‘qituvchilari bilan yaqindan tanishib, doimiy muloqotda bo‘lib, tet-a-tet formatda suhbatlashadilar va fikr almashadilar.

Talabalarni universitet rektori Sherzodxon Qudratxo‘jayevning o‘zi kutib oldi, va ularga so‘nmas shijoat, yangi bilimlarga bo'lgan chanqoqlikni tilab qoldi:

Aziz talabalar! Biz sizlarni juda ko‘p kutdik, va nihoyat, bugun yana uchrashib turibmiz. Qadrdon bo‘lmish uyimiz bugun talabalar bilan to‘ldi, yanada go'zallashdi. Pandemiya bizni samimiylikka, insoniylikka ko‘zimizni ochishga sabab bo‘ldi. Odamlar bilan muloqotda bo‘lish naqadar muhimligini bizga ko‘rsatdi. Yangi O‘zbekistonga yangi jurnalistlar kerak, va aynan sizlar xalqaro darajadagi jurnalist bo‘lishingizga ishonaman. Biz sizlarni o‘z uyingizga yana bir bor xush kelibsiz deymiz.

Aytish joizki, universitet barcha sanitar talablarga to‘liq javob beradi. Bu yerda barcha kerakli choralar ko‘rilgan. Demak, talabalar oldida faqatgina bitta shart turibdi: yaxshi o‘qish va olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llash.

Rasmlar: Bayzakov Alisher, Abdurasulov Rovshan, Shog‘ulomov Doniyor.

Bo'lishmoq: