22.01.2019 1941

Islom dini ekstremizm va terrorizmga qarshi……

 O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida “Islom ekstremizm va terrorizmga qarshi” mavzusida davra suhbati bo’lib o’tdi. Unda Toshkent Islom instituti vakillari, din ishlari mutasaddilari hamda universitetning professor-o’qituvchi va talabalari ishtirok etdi.

 Tadbir davomida din ishlari bo’yicha mutasaddilar tomonidan islom dinining mazmun-mohiyati, turli diniy tashkilotlar, missionerlik faoliyati, diniy ekstremizm, islomofobiya tushunchalari haqida to’liq ma’lumotlar  berib o’tildi.

“Ilm bu – nur, yorug’likka eltur. Ilmsizlik esa qorong’ulik. U insonni jarlik sari yetaklur. Ilmli kishi hech qachon hor bo’lmas. Islom dinida “Ilm o’rganish – har bir muslim va muslimaning farzidir”, deyilgan. Azizlarim, sizlarga bilim olish yo’lidagi sharafli unvonlardan biri – talabalik nasib etibdi. Bu ham katta baxtdir. Alloh hammalaringizlarga mana shunday buyuk ne’matlarni, ulkan baxtlarni ato etgan ekan, sizlar ham unga yarasha javob qaytarib, har onda shukrona aylashni kanda qilmasligingiz lozim. Negaki, xalqimizda “Har salomga yarash alik olish lozim”, deb ham bejizga aytilmagan. Tinchlik, farovon hayot bugungi kun e’tirofi, bugungi kun yutug’idir. Shiddat ila rivojlanib borayotgan globallshuv jarayonida tinch-totuv yashashning o’zi ham ulkan baxt hisoblanadi. Kimki erta tongda oilasi bag’rida, tan-u joni sog’ holatda uyg’onsa, yeyishga bir kunlik ovqati bor bo’lsa, bilingki, unga ulkan saodat ato etilgan bo’ladi. Diniy mojarolar avj olgan Suriya, Afg’oniston kabi davlatlarda yashayotgan tengdoshlaringizning turmush tarziga bir nazar soling va solishtiring. Jannatmakon o’lkada yashayotganingizga shukur qiling, tinchlikni asrash – har birimizning burchimizdir”, - deydi,Toshkent Islom institutining Din ishlari bo’yicha prorektori Jahongir Meliqo’ziyev

 Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada bo’layotgan o’zgarishlar, dinga e’tibor yuqori darajada ekanligi haqida alohida to’xtab o’tildi. Ma’lumotlarga ko’ra har yili AQSH davlat departamenti tomonidan “Diniy xavf mavjud bo’lgan mamlakatlar” ro’yxati e’lon qilinadi. Quvonarlisi, 2018-yilning dekabr oyidan Vetnam davlati bilan bir qatorda, O’zbekiston ham bu ro’yhatdan chiqarilgan. Ushbu hodisa mamlakatimizda diniy ishlar sohasida olib borilayotgan islohotlarning natijasidir, desak hech ham mubolag’a bo’lmaydi.

 Shuningdek, bugungi kunda telegram sahifalari hamda turli ijtimoiy saytlarda e’lon qilinayotgan ma’lumotlarning barchasi ham diniy ta’limotga to’g’ri kelmasligi, ularning orasida nosahih xabarlar mavjudligi ta’kidlab o’tildi. Diniy mavzudagi ishonchli ma’lumotlarni O’zbekiston Musulmonlari Uyushmasining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda “Muslim.uz” kabi rasmiy saytlardan topish mumkin, degan tavsiyalar berib o’tildi.

 Tadbir so’nggida, talabalar o’zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan javob olishdi.

 

O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy

kommunikatsiyalar universiteti

talabasi Diyoraxon Nabijonova

Bo'lishmoq: