Bugun O’zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kommunikatsiya masalalari boʻyicha direktori Jonatan Charlz mehmon bo’ldi.
Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi, O`zJOKU rektori, professor Sherzodxon Qudratxo’ja faoliyati davomida jurnalistika sohasida ko’p yillar mehnat qilgan, “BBC News”ning taniqli korrespondenti bo’lgan mehmonni jurnalist kadrlarni tayyorlovchi oliygoh bilan tanishtirdi.
Mehmon universitet binolari, studiyalari bilan tanishib, talabalarga yaratilgan keng imkoniyatlar uni juda xursand qilgani, universitet, shuningdek O’zMMA bilan hamkorlik aloqalari o’rnatishdan mamnun bo’lishini izhor etdi.
Ochiq muloqot tarzida OAV va matbuot xizmatlari uchun professional kadrlar tayyorlash sohasining holati, istiqbollari, Yangi Oʻzbekistonda soʻz erkinligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar, shuningdek davlat hamda jamoat kommunikatsiyalari vositalari va uslublari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O’zbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi va Jurnalistika universitetining talabalari hamda amaldagi matbuot va PR xizmatlari vakillari uchun maxsus kurslar tashkil etishga qaratilgan qoʻshma loyihasini ishlab chiqishga kelishildi.