18.02.2021 1336

Kamoliddin Behzod izdoshlari

Miniatyura va xalq amaliy san’ati yo‘nalishidagi yosh ijodkorlarning milliy o‘zligimizni anglash g‘oyalarini tarannum etuvchi yorqin san’at asarlarini yaratishdagi faoliyatini rag‘batlantirish va yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy san’ati asarlari ijodiy tanlovi e’lon qilinadi.

Tanlovda 15 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasidagi ijodiy yo‘nalishga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari va oliygohlarning barcha o‘quvchi-talabalari ishtirok etishi mumkin.

Tanlov ikki yosh toifasida o‘tkaziladi:

15 yoshdan 17 yoshgacha;

18 yoshdan 20 yoshgacha.

Tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi.

1-bosqich - hududiy bosqich: Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bolalar musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan san’at maktab internatlari va san’at maktablari, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, soha yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari hamda Badiiy ijodkorlar uyushmasi hududiy bo‘limlari tomonidan 1-fevraldan 1-martgacha o‘tkaziladi.

2-bosqich - respublika bosqichi: Birinchi bosqich g‘oliblari 10-martdan 10-aprelgacha o‘tkaziladigan Respublika bosqichida ishtirok etadilar.

Tanlovga 1 ta ishtirokchi tomonidan erkin mavzuda yaratilgan 4 (to‘rt) donagacha bo‘lgan ijodiy ishlar taqdim etiladi.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan yosh ijodkorlar quyidagi hujjatlarni taqdim qilishlari lozim:

- http:/www.art-academy.uz saytida joylashtirilgan namuna asosida to‘ldirilgan ariza;

- ishtriokchining pasport (yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat) nusxasi;

- taqdim etilgan barcha ijodiy ishlar haqida ma’lumot berilishi (asar nomi, yaratilgan yili, texnikasi);

- taqdim etilgan barcha ijodiy ishlar nomi o‘zbek, rus va ingliz tillarida berilishi;

- erkin mavzudagi so‘nggi uch yil davomida yaratilgan mualliflik ishlari;

- ishtirokchining oxirgi 3 oy ichidagi 4x6 hajmdagi 2 dona fotosurati.

 

Hududiy bosqich ishtirokchilari arizalari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Badiiy ijodkorlar uyushmasi hududiy bo‘limlarining Tashkiliy qo‘mitalarida, Respublika bosqichi ishtirokchilarining hujjatlari 2021-yilning 1-martidan 10-martiga qadar Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Yusuf Xos Xojib ko‘chasi, 37/A-uy manzilida (telefon: (71) 252-30-88, (71) 256-35-56) qabul qilinadi.

Tanlov g‘oliblari quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha belgilanadi:

- Eng yaxshi miniatyura asari uchun;

- Eng yaxshi grafik asari uchun;

- Eng yaxshi naqqoshlik asari uchun;

- Eng yaxshi amaliy san’at asari uchun (amaliy san'at turlari bo‘yicha).

Respublika bosqichi g‘oliblari “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy san‘at asarlari tanlovi g‘olibi Diplomi hamda tanlov tashkilotchilari tomonidan taqdim etilgan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadilar.

Tanlov shartlari va Nizomi bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasining http:/www.art-academy.uz rasmiy sayti orqali tanishib chiqishingiz mumkin.

Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun:

+998 71 232-17-66, +998 71 252-30-88

 

Bo'lishmoq: