Xabar berganimizdek, bugun universitet rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja talabalar bilan birga Toshkentning markaziy ko‘chalarida sayohat qildi.
Toshkent Markaziy univermagi ortida joylashgan eski va yangi nashrdan chiqqan kitob rastalari, u yerdagi do‘konlar ilk marotaba kelgan talabalarni hayratga soldi. Professional va havaskor fotograflar esa tabiat go‘zalliklaridan ilhomlanib, o‘z kameralariga muhrlashdi.
Piyoda sayrning keyingi manzili tamaddixona bo'ldi. Har doimgi an’anaga aylangan maskanda bu gal ham talabalar va rektor gumma tanovul qilishdi.
So‘nggi manzil esa Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik opera va balet teatri. 1945-yilning noyabrida Kvantun armiyasining yapon asirlari tomonidan qurilishi tamomlangan teatrda maskanning rahbari Ramiz Usmonov qarshi oldi. Teatr xodimlari tomonidan talabalarga binoning qurilish tarixi aytib berildi.