03.08.2022 2140

Komil Allamjonov O‘zJOKU da mehmon bo‘ldi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosati bo‘yicha o‘rinbosari Komil Ismoilovich Allamjonov O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida mehmon bo‘ldi.

2018-yil universitet tashkil etilgan ilk kunlar uning ochilish marosimida ishtirok etgan Komil Allamjonov universitetda salkam 5 yil ichida katta o‘zgarishlar bo‘lganini ta’kidlagan holda, tezlikda qurilgan yangi binolarni ko‘rib hayratda ekanini yashirmadi.

Mehmon universitetda bo‘lib o‘tayotgan ijodiy imtihon jarayonlarini kuzatib, jurnalist bo‘lishni niyat qilgan abiturientlar bilan yaqindan suhbat qurdi. Ularning qiziqishlari, dunyoqarashlari, dunyoning turli nuqtalarida bo‘layotgan jarayonlarga nisbatan munosabatlari bilan qiziqdi. Yoshlar ham Komil Ismoilovich bergan savollarning bariga katta qiziqish va ishtiyoq bilan javob berishdi. Allamjonov imtihon bo‘lib o‘tayotgan deyarli har bir auditoriyaga kirib yoshlarga omad tiladi. Uchrashuv abiturientlarning ijodiy imtihonlarda kayfiyatlari va motivatsiyalari oshishiga xizmat qildi.

Tashrif davomida universitet rektori, professor Sherzodxon Qudratxo’ja Komil Allamjonov bilan jurnalistika sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish, bugun media olamda bo’layotgan jarayonlarni tahlil qilish va bu vazifalarni amalga oshirishda jurnalist kadrlarning ishtirokini ta’minlashning ahamiyatli jihatlari hamda sohaga oid ko’plab dolzarb mavzular borasida suhbatlashdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosati bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ish boshlagan Komil Allamjonov o‘zining ushbu lavozimdagi ilk tashrifini aynan Jurnalistika universitetidan boshlagani ahamiyatlidir.

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti jamoasi Komil Ismoilovichga yangi lavozimdagi faoliyati davomida, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun amalga oshirajak ishlarida omad tilaydi va ilmiy masalalarda doimo yordamga shay ekanini izhor etadi.

Bo'lishmoq: