Korrupsiya lotincha "buzilish" , "aynish" degan ma'nolarni anglatadi.
Uning keng tarqalgan ko‘rinishlaridan birini biz ta'lim sohasida uchratishimiz mumkin. Avvalo, abituriyentlarning kirish imtihonidan boshlanadi. Faqat diplom uchun farzandini o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan ota-ona pora berishga harakat qiladi yoki qornini qappaytirib mo‘may daromad olish ilinjida mansabini suiste'mol qilib, pora olib o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da bergan professor-o‘qituvchilar. Ularning ko‘pi pora berayotgan yo olayotgan joyida ichki ishlar xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Xullas, mavzudan yiroqlashmagan holda,maqsadga o‘tsak. Bizning universitetimizga talabalikka qabul imtihonlari ikki xil ko‘rinishda ya'ni: ijodiy:(og‘zaki-suhbat) va test imtihon ko‘rinishida bo‘lib o‘tdi. 1-kursni tugatay deb qoldim. Ammo, o'qishimda hech ham pul yoki tanish bilan kirgan kursdoshimni tanimayman. Behazil. Bizda hech kim qobiliyatsiz yoki iste'dodsiz emas. Barchaning o‘ziga yarasha yorqin tomoni bor. Mana shu fakt, bizda talabalikka qabul jarayonida pora yoki "tanish-bilishchilik" bo‘lmaganidan dalolat beradi.
Albatta,farzandiga Jurnalistika universiteti diplomini olib berishni xohlagan ota-onalar, qo‘lida ul-bul ko‘tarib kelgan holatlar bo‘lgandir. Ammo, ularning umidi chipakka chiqqani tayin.
Ayni damda, universitetimizda sessiya qizg‘in pallada. Talablarda hayajonlanish, bitta yomon baho tushib qolsa, semestr nechchiga yopilishini o‘ylab yotganlar ham talaygina. O‘tgan sessiyada ham bu kabi hayajonlanishlar bo‘lgan. Ammo, eng muhim jihati korrupsiya holati kuzatilmayapti. Shu vaqtgacha, hech bir domlaning vakolatini suiste'mol qilib, pul so‘raganini,pul olganini kuzatmadim.
Bilamizki, ayrim OTM larda baholarning o‘ziga yarasha bahosi bor. 5 ga 100.000,4 ga 50.000,3ga 20. 000 va h.k. Ha,ulardan tayinli bir mutaxassislar chiqishi dargumon. Balki, boshqa oliygohda o‘qiyotganimda, O'zJOKU da korrupsiya yo‘q degan farazga men ham ishonmagan bo‘larmidim. Axir,odamlar, eshitganidan ko‘ra, ko‘rganiga ko‘proq ishonishadi.
Maqola yakunida yana o‘sha karikaturaga qaytmoqchiman. Negadir, katta devday kishini baholarining baholari bo‘lgan oliygohlarga, anitkorrupsiyani o‘zimizning universitetimizga o‘xshatib yubordim. Agar, yana ahil va hamjihat bo‘lsak, oz sonli bo‘lsak-da, katta kuchga aylanamiz. Axir, yoyilib turgan kaftdan ko‘ra, tugilgan mushtning zarbi kuchli bo‘ladi.
Robiya Abduxoliqova
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi.