19.01.2021 1341

“Mahmudxo‘ja Behbudiy va jadid matbuoti” mavzusidagi onlayn konferensiya

Bugun yurtimizda ma’rifatparvar ajdodlarimizning bosib o‘tgan hayot yo‘llariga nazar tashlash, ularning ma’naviy merosini o‘rganishga, tavallud sanalarini nishonlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahmudxo‘ja Behbudiy ana shunday xalqimiz tarixining murakkab davrida, ma’rifat mash’alasini baland ko‘tarib chiqqan ulug‘ alloma va jamoat arboblaridan biridir.
Bugun alloma hayoti va ijodiga oid hujjatli filьmlar, asarlar yaratish, zamonaviy spektakllarni sahnalashtirish borasida talay ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi va g‘oyasi asosida tashkil etilgan Adiblar xiyobonida uning haykali o‘rnatilgan.
 
 
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Ilmiy xizmatlar Markazi bilan hamkorlikda Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 146 yilligi munosabati bilan “Mahmudxo‘ja Behbudiy va jadid matbuoti” mavzuida xalqaro miqyosdagi onlayn ilmiy-amaliy konferensiyaning o‘tkazilishi ham mazkur ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Konferensiya orqali mamlakatimizda jurnalistika va kommunikatsiyalar sohasida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlarining sifati va samaradorligini oshirish, shuningdek, O‘zbekistonda mass media sohasida izlanayotgan yosh olim va tadqiqotchilar milliy matbuotning yetakchi namoyondalaridan biri bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiyning merosini o‘rganishda mahalliy va xorijiy olimlar o‘rtasida ilmiy aloqalarni o‘rnatish, yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan.
Uni O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunkatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ochib berdi. Konferentsiyada Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo ta’lim markazi direktori o‘rinbosari, AQSh Michigan davlat universiteti, Rossiya Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoshidagi Rossiya Davlat Huquqshunoslik universiteti, Turkiyaning Ege Üniversitesi, Bobojon G‘afurov nomidagi Xo‘jand Davlat universiteti hamda Ozarbayjon Milliy ilmlar Akademiyasi, Nizomiy Ganjaviy nomidagi adabiyot institutidan mutaxassis-olimlar ma’ruzalar bilan ishtirok etishdi. Shuningdek, mamlakatimizda jadid matbuoti bo‘yicha tadqiqot olib borgan taniqli olimlardan Naim Karimov, Bahodir Karimov, Tursunali Qo‘ziev, Zaynobiddin Abdurashidov, Halim Saidov, Akbar Nurmatov, Sayyora Halimovalarning ma’ruzalari ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
E’tiborlisi, konferentsiya to‘plamida nashr etilgan ilmiy tezislar GOOGLE SCHOLAR xalqaro bazasida indektsiyalanadi. Har biriga DOI (Digital Object Identifier) raqami beriladi.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti Media nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan konferentsiya haqiqiy ma’noda o‘zaro fikr almashish, yangi bilimlarni o‘zlashtirish maydoniga aylandi.
Tadbir so‘ngida millatni uyg‘onishga, ma’rifatli bo‘lishga chorlagan Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayot yo‘llari, ijod olami hali asrlar davomida kelajak avlodga katta ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bo'lishmoq: