20.02.2021 728

Maktab o‘quvchilari O‘zJOKUda iliq kutib olindi

Umumta’lim maktabida tahsil olayotgan o‘quvchilarning ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish va  o‘qituvchilarning mas’uliyatini yanada oshirish yuzasidan oliy ta’lim muassasasi va umumta’lim maktabi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti hamda Shayxontohur tumanidagi 40, 85, 113, 180a hamda 316-sonli o‘rta umumta’lim maktablari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Mazkur hamkorlik memorandumi asosida bugungi kunda universitet va maktablar hamkorligi izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, o‘zaro hamkorlik doirasida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tgan yilning dekabr oyida Toshkent shahar, Shayxontohur tumanidagi 40, 85, 113, 180a hamda 316-umumiy o‘rta ta’lim maktablarining holati, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi hamda boshqa ta’lim va tarbiya ko‘rsatkichlari o‘rganib chiqilib, to‘plangan ma’lumotlar asosida, har bir maktab uchun “Universitet-maktab” yo‘l xaritasi ham ishlab chiqilgan.

Biriktirilgan maktablarda o‘qitish sifatini oshirish, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda maktablarga mos fakultet va kafedralar biriktirilib, universitetda fanlar kesimida o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va ularga metodik yordam ko‘rsatish orqali malakasini oshirish, universitet professor-o‘qituvchilari va maktab o‘qituvchilari o‘rtasida “Ustoz-shogird” tizimini joriy etish masalalari ham yo‘lga qo‘yildi.

Hamkorlikning davomi ularoq bugun Shayxontohur tumanidagi 85-umum ta’lim maktabining 10-11 sinf o‘quvchilari o‘z ustozlari ishtirokida O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti faoliyati va talabalarning hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zJOKUga navbatdagi sayohatni amalga oshirdilar.

O‘qituvchi va o‘quvchilarning universitetga sayohati davomida iqtidorli talabalararimiz bugungi kunda jurnalistika sohasining jamiyatimizda tutgan ahamiyati va bu borada O‘zJOKUda amalga oshirilayotgan tadbirlar yuzasidan o‘quchi-yoshlar bilan fikr almashdilar.

Shuningdek, sayohat davomida o‘quvchilar O‘zJOKU tele va radio studiyalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Bo'lishmoq: