25.11.2019 1372

"Markaziy Osiyo" maktabi: ta‘lim va hamkorlik integratsiyasi

12-16 noyabr Tojikistonning Dushanbe shahrida Rossiyaning Gorchakova jamg‘armasi, Rus-Tojik (Slavyan) universiteti, M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti axborot- tahlil markazi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda “yumshoq kuchlar” – siyosiy kuchlarning to‘qnashuvi va uning natijalari” mavzusida VII marotaba Markaziy Osiyo-2019 oʼquv maktabi tashkil etildi.

Mazkur maktabda mintaqada xalqaro aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lgan Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Аrmaniston, O‘zbekiston, Аfg‘aniston, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan yosh tadqiqotchi-olimlar, sotsiolog, politolog, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari 5 kun davomida mintaqadagi siyosiy jarayonlar, hukmronlik sari intilayotgan buyuk davlatlarning “yumshoq kuchlar” orqali aholiga o‘tkazayotgan ta‘sirlari borasida ekspertlarning fikrlari bilan tanishishdi, bir-biridan qiziqarli ma‘ruzalarni tinlashdi, interaktiv disskussiyalarda erkin fikr almashishdi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimi Gorchakova jamg‘armasi rasmiy hamkori Rus-tojik (slavyan) universiteti majlislar zalida bo‘lib o‘tdi. Dasturning birinchi kunida siyosiy fanlar doktori, professor Yana Leksyutina, falsafa fanlari doktori Dmitriy Vinnik, Qirg‘iziston fanlar akademiyasi xodimi, s.f.n., dotsenti Iqboljon Mirsayitov kabi tajribali xorijiy ekspertlar mintaqadagi iqtisodiy, siyosiy vaziyat va xalqaro aloqalarning dolzarb masalalari bo‘yicha o‘z fikrlarini hamkasblari bilan bo‘lishdi. Ishtirokchilar mazkur maktabda tahsil mobaynida Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy holat, iqtisodiy jarayonlar haqida yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi. 2012 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan an‘anaviy maktabning bu yilgi o‘ziga xos jihati ishtirokchilar jamoalarga bo‘lingan holda, Markaziy Osiyoda istiqbolli g‘oyalar va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqishdi. Eng yaxshi deb topilgan loyiha fondning keyingi tadbirlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tayanch doktorantlari Guljahan Seitnazarova, Odina Qulmuradovalar ham ishtirok etdi. O‘qish davomida tadqiqotchilarimiz Rossiyaning Tomsk va Sankt Peterburg davlat universiteti, Tojikistonning Tojik milliy universiteti jurnalistika fakulteti, Qirg‘izistonning Qirg‘iz-rus (slavyan) universiteti bilan kelgusida ilm-fan sohasida hamkorlik qilish uchun universitet vakillari bilan yangi aloqalar o‘rnatishdi.

Shuningdek, doktorantlar Dushanbega safar davomida Tojikiston ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Mamlakatning televizitson markazi, rasmiy va partiyaviy nashrlari jumladan, Tojikiston Respublikasining rasmiy nashri «Jumhuriyat» gazetasi, Dushanbe shahrining nashri «Maromi poytaxt» gazetasi, «Bahdat» ijodiy gazetasi, Partiya nashri «Minbari xalq» gazetalarining mazmuni va shakliy tuzulishinioʼrganib qaytishdi. Shuningdek, Rus-Tojik (Slavyan) universiteti «Jurnalistika» kafedrasining Media markazi, radio laboratoriyasi, talabalar gazetasi tahririyatida bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Universitet kutubxonasiga tojik va rus tilidagi ilmiy adabiyotlar, monografiya, o‘quv-qoʼllanma va darsliklarni ta‘lim jarayonida foydalanish uchun olib kelishdi.

Bo'lishmoq: