20.08.2021 742

Media camp qanday o‘tdi?

Xabaringiz bor O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashabbusi bilan 16-17-18 - avgust kunlari Toshkent viloyatida joylashgan Xo‘jakent oromgohida “Media makondagi yangi trendlar” mavzusida Media camp tashkil etilgandi.

1 kun.

Media campning ochilish marosimi 16-avgust kuni oromgohda O‘zJOKU rektori professor Sherzodxon Qudratxo‘ja, Turizm va Sport vaziri Aziz Abduhakimov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimi G‘ayrat Madaminov ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zJOKU rektori ishtirokchilarga Media Camp tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsad va 3 kun davomida rejalashtirilayotgan vazifalar haqida so‘zlab berdi. Oromgoh ishtirokchilari spikerlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi, xususan Alisher Sa’dullayevning siyosatga kirib kelishi haqidagi savol talabalar uchun juda qiziq bo‘ldi.

Shuningdek, Turizm va Sport vaziri Aziz Abduhakimov tashkil etilgan oromgoh yana ko‘p yillar davomida eng qiziq va kreativ loyihalardan bo‘lib qolishi va davom ettirilishi haqida fikr bildirib, loyihada ishtirok etayotgan talabalardan g‘oliblari hokimlik tomonidan ajratiladigan pul mukofotlari bilan ham taqdirlanishi rejalashtirilayotgani haqida ta’kidlab o‘tdi. Suhbat juda samimiy va qiziqarli bo‘lib, suhbatdan so‘ng talabalar uchun xonandalar ishtirokida badiiy kecha tashkil etildi.

2 kun.

Talabalar media camp boshlanganidanoq 5 ta yo‘nalish bo‘yicha sho‘balarga bo‘lindilar. Yo‘nalishlar bo‘yicha har bir sohadan yetakchi mutaxassislar, taniqli jurnalistlar talabalarga boshchilik qilishdi. Talabalar Davron Fayziyev, Sarvar Bahodirov, Jaloliddin Mirzayev, Madina Nurman, Qamariddin Shayxov, Baxtiyor To‘raxanov, Elyor Gurugliyev, Mansur Alimov, Zarina Abdullayeva, Timur Mirzayev, Hasan va Husan Mamasaidovlar, Baxtiyor Safarov, Dilfuza Ro‘zmetova, Shuxrat Isakulov, Adhamova Nigora, Nurjaxon Farmonov, Ne’matjon Mansurov, Abdullo Nasrullayev va yana ko‘plab soha mutaxassislari bilan mahorat darslari bilan birgalikda turli seminar-trening mashg‘ulotlarida ishtirok etishdi.

Shuningdek, oromgohda Turizm va sport vazirligi tomonidan ommaviy sportni rivojlantirish uchun oromgoh ishtirokchilar o‘rtasida badminton, suzish va shaxmat bo‘yicha musobaqalar tashkillashtirilib, futbol, voleybol, stol tennisi bo‘yicha havaskorlar mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Vazirlik tomonidan tashkillashtirilgan har kuni tonggi badantarbiya mashg‘ulotlari esa nafaqat talabalar balki barcha oromgoh tashkilotchilari uchun ham foydali bo‘ldi.

3 kun.

Master klass va treninglar davom ettirildi, sport musobaqalari bo‘yicha ishtirok etgan qatnashchilardan g‘oliblari aniqlandi. Kun oxirida Campning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi va turli yo‘nalishlar, sport turlari bo‘yicha g‘olib deb topilganlarga O‘zEOAVMA va O‘zJOKU tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.

3 kunlik oromgohdan talabalar va barcha ishtirokchilar bir olam taassurot va bir umrlik go‘zal xotiralar bilan qaytishdi. Universitet kelgusi yillarda ham ushbu loyihani davom ettirgan holda, kelasi yillarda yanada ko‘proq talabalar bilan oromgoh faoliyatini davom ettirishni rejalashtirgan.

 

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu Media Campning barcha tashkiliy masalalariga Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Yoshlar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Xalqaro press-klub hamda «UzReport TV» yaqindan ko‘mak berishgani munosabati bilan ushbu hamkorlarimizga universitet nomidan alohida minnatdorchilik izhor etamiz!

Bo'lishmoq: