Talabalik davri inson uchun eng go‘zal davr bo‘lish bilan birga ko‘plab o‘zgarishlar, baland pastliklarni anglash va xulosalar chiqarish, hayotning yorqinligi va rangsizliklarini ham boshdan kechirish davri bo‘lishi mumkin.
O‘z oldiga maqsad qo‘ygan insonlar uchun esa ularni amalga oshirishda qarshiliklar boʻlishi turgan gap. Bu kabi holatlarda o‘zini yo‘qotmaslik va jarayondan dadil qadamlar bilan o‘tib olish uchun ba’zan bizga boshqalarning ma’naviy yordami kerak bo‘ladi.
OʻzJOKU rahbariyati oʻz talabalarining ana shunday holatlarda qoqilmasliklari, maqsadlariga erishishida adashmay, toʻgʻri yoʻlni tanlay olishlari uchun doimiy yordam berishni istaydi.
Shu maqsadda kuni kecha OʻzJOKU “My sweet home”da istiqomat qiluvchi talabalari uchun tajribali psixolog Zamira Xolboyeva boshchiligida “Muammolarga qaramasdan rivojlanish” mavzusida trening tashkil etildi.
Trening davomida talabalar va mutaxassis oʻrtasida qizgʻin savol-javoblar boʻlib oʻtdi. Ishtirok etganlar oʻzlarining maqsadlari va harakatlarini boshqarishda yangi koʻnikmalarga ega boʻldilar.