17.07.2021 699

Oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni

Qabul jarayoni borasida kelib tushayotgan savollarga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari javob bermoqda.

 

1-SAVOL:

Xorijiy oliy ta’lim muassasasidan o‘qishimni O‘zbekistonga ko‘chirmoqchiman. O‘qishimni ko‘chirishim uchun imtihonni suhbat shaklida topshirsam bo‘ladimi?

JAVOB:

Xorijdan talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha imtihonlar asosan test sinovlari shaklida, ayrim ta’lim yo‘nalishlariga kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida o‘tkaziladi.

Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan, kasbiy (ijodiy) imtihonlar tegishli oliy ta’lim muassasalari tomonidan o‘tkaziladi.

2-SAVOL:

Men O‘zbekistondagi nodavlat oliy ta’lim muassasasida 1-kursni tamomladim. Men o‘qishimni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga ko‘chirmoqchiman. Bu qanday tartibda bo‘ladi va men o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasidan qanday hujjatlar talab etiladi?

JAVOB:

O‘zbekistondagi nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan talabalar o‘qishini ko‘chirish ham xorijdan o‘qishni ko‘chirish uchun belgilangan tartiblarga muvofiq amalga oshiriladi.

Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasidagi nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishni ko‘chirish uchun tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga kirish fanlaridan imtihonlar o‘tkaziladi.

Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish uchun ro‘yxatdan o‘tishda quyidagi hujjatlar talab etiladi:

- reyting daftarchasi yoki akademik ma’lumotnoma yoxud transkript nusxasi (bittasi bo‘lsa kifoya);

- pasport nusxasi.

3-SAVOL:

Xorijdan o‘qishni ko'chirishda oilali bo‘lganlar uchun imtiyozlar bormi?

JAVOB:

Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirishda oilali talabalarga imtiyozlar ko‘zda tutilmagan.

Agar talaba xorijiy oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirgandan so‘ng turmushga chiqqan bo‘lsa, ushbu talaba bahorgi semestr boshlanishidan oldin ham o‘qishini turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirish bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va imtihonlarda ishtirok etishi mumkin.

Bo'lishmoq: