12.01.2020 1547

O‘qitish, ikki barobar o‘qish demakdir

 Fransuz yozuvchisi J.Juberning mazkur fikri ayni zamonimizda juda dolzarb bo‘lib bormoqda. Nega deganda, bugun sinfxona va auditoriyalarga bilimsiz, maxsus tayyorgarliksiz kirish “o‘qituvchi” atalmish buyuk zotning mavqei, ta’sirining obro‘sizlanishiga sabab bo‘lmoqda.

 Bugungi talaba nimani xoxlaydi? Internetda zarur ma’lumotlar ko‘p, istalgan savollarga javobni tezkor olish mumkin. Axborot esa soat sayin yangilanadi. Mana shunday shiddatli davrda bilimli, ko‘plab axborotlarga ega, qiziqtira oladigan, tajribali hamda mahoratli o‘qituvchigina bu jarayonda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, o‘quvchisi e’tiboriga sazovor bo‘la oladi. Buning uchun esa muntazam o‘qib o‘rganmoq zarur.

 Kuni kecha O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida Deutsche Welle Akademiyasining tajribali ekspertlari va trenerlari Vitaut va Lana Rudniklar tomonidan “Jurnalistika fanlari o‘qituvchilari uchun pedagogik mahoratni oshirish” bo‘yicha 5 kunlik seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda qatnashgan professor-o‘qituvchilarimiz, doktorantlarimiz darsni tashkil etish, dars qismlariga amal qilish,  maqsadga erishishda va e’tiborni qaratishda qo‘llaniladigan samarali usullar bilan tanishdilar. Men o‘rgatilgan metodlar haqida yozmoqchi emasman, trening natijalaridan so‘ng tug‘ilgan fikrlar, ta’limda mavjud muammo va ularning echimi haqida to‘xtalmoqchiman.

 Avvalo, o‘qituvchi va talaba vazifalarini aniqlashtirsak. “Talaba bu bilim bilan to‘ldirilishi kerak bo‘lgan idish emas, yondirilishi kerak bo‘lgan mayoq”. Oliy ta’lim professor-o‘qituvchilarining asosiy vazifasi shunchaki 80 daqiqa axborot berish emas, axborotni tahlil etish va xulosa chiqarishga va boshqa ko‘plab axborotlarni mustaqil o‘rganishga talabani qiziqtira olish. “Maktablarda va universitetlarda o‘rganganlarimiz – bilim emas, bilim olish yo‘li xolos” deb yozgan edi R.Emerson. 80 daqiqada barcha ilmiy masalalarni qamrab olish qiyin, shu bois bu muddat o‘qituvchi talabaga axborot berish bilan birga uni qiziqtira olishi, fikrlashga undashi, izlanishga, mustaqil o‘qishga da’vat etishi kerak. Bundan kelib chiqadigan 1-qoida:

1) Ta’lim bu talaba qiziqishlariga e’tibor berish, axborot olishda shaxs imkoniyatlarini inobatga olish va shunga ko‘ra munosabat o‘rnatish, fikrlashga da’vat etish va mustaqil izlanishni rag‘batlantirish.

 Buncha qiyin dersiz? Aslo. Bu vazifalarni bajarishga qaratilgan oddiy metodlar mavjudki, ularni yaxshi o‘zlashtirgan o‘qituvchi bu murakkab vazifalarni uddalaydi.

 Ikkinchi masala – yaxshi dars qanday bo‘lishi kerak? degan savol. Treningda o‘rganganlarimdan shunday xulosa qildimki, yaxshi darsda o‘qituvchi o‘rgatishga harakat qilmasligi kerak, aksincha talaba o‘rganishi uchun sharoit va imkoniyat yaratishi kerak. Nega deganda, talaba o‘qituvchi aytgan haqiqatni emas, o‘zi xulosa qilgan haqiqatni tan oladi. Mohir pedagog esa o‘quvchiga bunday imkoniyatni yaratib beradi. Bundan kelib chiqadigan 2-qoida:

 2) Har qanday fikr qabul qilinishi kerak. G‘oyalar generatsiyasi amalga oshirilishi, individual, kichik guruhlar va katta guruhlar fikri orqali muqim qarorga kelish amaliyoti qo‘llanilishi kerak. Bu holatda talaba o‘z fikrini ifoda etadi, himoya qiladi yoki boshqalar fikriga quloq solib fikrini o‘zgartiradi. Raqobat muhitida ishlash va muloqotga kirishish ko‘nikmasi hosil bo‘ladi. Demak, ta’lim bu guruhlararo muloqot mevasidir, aslo o‘qituvchidan talabaga yo‘naltirilgan axborot emas.

 Bilasizmi, nega oliy ta’limni bitirgan talaba mustaqil faoliyati davomida universitetda olgan bilimlarining ko‘pini kerakmas deb hisoblaydi? Negaki darslarda bu bilimlarni qo‘llash joyi va usullari o‘rgatilmaydi. G‘o‘yo kitob bilan hayot o‘rtasida katta jarlik bordek. Aslida kerakli bo‘lgan nazariy fikrlarning amaliy faoliyatda muhimlik darajasini darslarda ko‘rsatishimiz kerak, talabalarda bilim bilan birga amaliy ko‘nikmani shakllantirish juda muhim. Darslarimiz bahs-munozara, debat shakllarda ma’lum tartib asosida o‘tilishi, o‘qituvchi moderator, fasilitator sifatida dars formatlarini ishlab chiqishi kerak. Konfutsiyning fikriga ko‘ra: “Eshitib -  unutaman, ko‘rib yodda tutaman, bajarib tushunaman”.

 3-qoida: Ta’lim jarayonlarida motivatsiya bo‘lishi kerak. Talaba ham o‘qituvchi ham bu jarayonga qiziqish bilan yondashishi zarur. Manfaat faqat yaxshi baho olish emas, muhim narsani o‘rganish, foydali tajribaga ega bo‘lish va bundan zavqlanish bo‘lishi kerak. Rus tilidagi “Shkola” so‘zining asl ma’nosi “quvonchlar uyi” ekan, darslarimiz qiziqarli va maqsadli bo‘lishiga e’tibor qaratishimiz kerak.

 Yana bir masala - o‘qituvchi darsini baholash mezonlarining bugungi talablarga to‘liq javob bermasligi. Aksariyat darslar nazorati o‘qituvchining fan bo‘yicha o‘quv-uslubiy majmualari, ishchi va o‘quv dasturlarining mavjudligi, darsning taqvim rejaga mosligi, darsda talabalarning davomat ko‘rsatkichi va boshqa tashkiliy ko‘rsatkichlar inobatga olinadi. Vaholanki, mantiqan o‘ylasak, mazkur hujjatlari bo‘lmagan o‘qituvchi umuman darsga kiritilmasligi kerak. Dars nazorati mavzuning ochib berilishi, muhimligi, dars maqsadiga erishilganligi, o‘qituvchining mahorati, muloqot uslublari, talabalar faolligi va boshqa refleksiya ko‘rsatkichlar asosida olib borilishi joiz. Davomadga kelsak, yaxshi darsga talaba albatta keladi, demak majburlash bilan emas, qiziqtirish bilan, mas’uliyatni yuklash bilan hal etish kerak.

 Trening davomida biz o‘qituvchilar ayni masalalarni hal etish tamoyillari va yondashuvlar haqida ma’lumotga ega bo‘ldik. Maqsadga erishish bosqichlari, malaka va ko‘nikmaga qaratilgan usullar va albatta o‘qituvchining kreativligiga alohida e’tibor berildi. Ijodkor bo‘lmagan o‘qituvchi san’at asariga monand dars o‘ta olmaydi va o‘quvchisi tafakkuriga ta’sir qila olmaydi. O‘qituvchida esa shunday qudrat bor. Uinston Cherchil o‘z vaqtida bu vaziyatni juda chiroyli e’tirof etgan edi. U: “O‘qituvchilar shunday hokimiyatga egalarki, bunday hokimiyat haqida vazirlar faqat orzu qilishlari mumkin” degan ekan. Bu kabi seminarlarning ko‘plab bo‘lishini istab qolaman. O‘qiganimiz sari ko‘p narsalarni bilmasligimiz seziladi va o‘z ustimizda ishlashga yanada ishtiyoq uyg‘onadi.

 Yana bir e’tirof, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida shunday tashabbuslarning muntazam amalga oshirilayotganligini ko‘rib universitetimiz ta’lim samaradorligi borasida to‘g‘ri taktika olib borayotganini ta’kidlamoqchiman. Rivojlangan mamlakatlarda ta’lim samaradorligi taraqqiyotining 16- foizi moddiy-texnika bazaga, 20 foizi - resurslarga, 64 foizi - inson omiliga bog‘liqligi tan olingan. Shunga ko‘ra, universitet o‘qituvchilari tarkibi va ular malakasini oshirishga qaratilgan ko‘plab imkoniyat va sharoitlar tezlikda o‘z samarasini beradi deb ishonch bilan ayta olaman. Negaki, bu kabi treningni o‘tgan har bir o‘qituvchi nega o‘qitayotganini va qanday natijaga erishishi mumkinligini aniq biladi, mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Ha, bunday o‘qituvchiga vazirlar ham havas qilsa arziydi...

      Nishonova Gulnora

O‘zJOKU,  “PR va xalqaro kommunikatsiya” kafedrasi mudiri

Bo'lishmoq: