23.07.2021 814

Ovoz berish demokratiyaning muqaddas voqeligi

“Odamlarga voqealardan xabardor boʻlish imkonini bersangiz, mamlakat xavf-xatardan xoli boʻladi”, - degan edi oʻz vaqtida AQSHning oʻn oltinchi Prezidenti Avraam Linkoln. Haqiqatan ham, ushbu gaplar amalda oʻz oʻrnini topganidan keyin Amerika demokratiyaning eng yuqori “choʻqqisiga” chiqdi: soʻz erkinligi boʻyicha andoza boʻlib kelyapti, desam adashmagan boʻlaman.

Bugun, yaʼni 23-iyul kuni Oʻzbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasiga rasman start berildi. Bu kun mustaqil Oʻzbekiston tarixida, umuman saylovlar tarixida unutilmas voqea boʻlib muhrlanadi.

Mamlakatda roʻy berayotgan, fuqarolarning hayot tarziga taʼsir koʻrsata oladigan har bir muhim jarayonni media vakillari ishtirokisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. OAVning saylov davridagi faoliyati juda muhim. Saylovlardek muhim jarayonni yoritishda va buni keng jamoatchilikka yetkazishda jurnalistlarning oʻrni beqiyos. Aynan shuning uchun ham Markaziy saylov komissiyasi qoshida Matbuot markazi tashkil etildi. Bemalol ayta olamanki, matbuot markazi xalqaro talablarga javob beradi. Barcha jihatlar inobatga olingan holda Matbuot markazida jurnalistlar uchun hamma qulaylik yaratilgan: kompyuter texnikalari, yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlangan. Xullas, jurnalistlar bemalol ijod qilishlari uchun yaxshi sharoit yaratilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi uchinchi moddasida “Oʻzbekiston Respublikasida saylov umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali oʻtkaziladi”, deb qisqa va loʻnda yozilgan. Saylovda “yashirin” boʻlishi kerak boʻlgan narsa yagona: saylovchi yashirin ovoz berishi. Qolgan hamma jarayon ochiq va oshkora boʻladi. Eʼtibor berayotgan boʻlsangiz, davlatimizda oʻtkazilayotgan saylovlar yildan-yilga ochiq va oshkora boʻlib oʻtmoqda. Yaqqol misol tariqasida 2019-yilda mamlakatimizda boʻlib oʻtgan Parlament saylovlarini keltirishim mumkin. Oʻylaymizki, Prezident saylovlari demokratiyaning barcha tamoyillarga amal qilgan holda, bundan-da yuqori saviyada tashkil etiladi.

Xalqimiz ham, shubhasiz, bunday muhim jarayonga befarq emas va bu odamni quvontiradi. Ijtimoiy tarmoqlarga joylangan, saylovga aloqador birgina postda 50 ga yaqin izohlar qoldirilgan. Bu xalqimizda saylovga boʻlgan qiziqishdan dalolat beradi.

Xalqaro press-klub ham birinchilar qatorida saylov jarayonlarini yoritishga shay boʻlib turibdi. Oldinda bizni koʻplab jonli efirlar kutmoqda. Nasib qilsa, “saylov olamida” boʻlayotgan har bir jarayonni koʻrsatamiz, fuqarolarimizning faolligini oshiramiz, ularning huquqiy bilimlarini kengaytiramiz.

Sherzodxon Qudratxoʻja,
Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi
Xalqaro press-klub raisi
O‘zJOKU rektori

Bo'lishmoq: