08.04.2022 2104

“Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlarining qatag‘on fojiasi: bir tarix, bir taqdir” anjumani

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qatagʻon qurbonlari xotirasi Davlat muzeyida “Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlarining qatag‘on fojiasi: bir tarix, bir taqdir” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining Madaniyat qo‘mitasi rahbari, Milliy Majlisdagi Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stlik markazi a’zosi Ganira Pashayeva boshchiligidagi Ozarbayjon delegatsiyasi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiyatsiyasi boshqaruvi raisi, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja, Geydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi direktori Samir Abbasov, Qatag‘on qurbonlari xotirasi Davlat muzeyi direktori, professor Baxtiyor Hasanov, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi yetakchi ilmiy xodimi, akademik Naim Karimov va boshqalar ishtirok etib, soʻzga chiqdilar.

Ozarbayjon va Oʻzbekistonning koʻp yillik doʻstlik, qardoshlik aloqalari, qatagʻon davrida boshdan kechirgan kunlari, 2 millat ziyolilarining qurbon qilinishi, bu jarayonning sabab va oqibatlari haqida boʻlib oʻtgan uzoq va samimiy, suhbat yuraklarni ezib yuboruvchi faktlarga toʻla boʻldi. Ozarbayjon mamlakati nomidan soʻzga chiqqan Ganira Pashayeva bugungi mustaqillik kunlarida yashayotganimiz uchun katta shukrona qilishimiz lozim ekani va bu kunlar uchun oʻz hayotlarini qurbon qilgan bobolarimizni hech qachon unutmasligimizni ta’kidlab oʻtdi. Shu oʻrinda Oʻzbekistonning qatagʻon davri haqida oʻz fikrlarini bildirgan professor Sherzodxon Qudratxoʻja ham millatimiz uchun katta judoliklar evaziga kechirgan arzonchilik, tenglik, hozirda ba’zilar qaytishni istayotgan tuzumning qora ishlari haqida juda ta’sirli soʻzlarni aytib oʻtdi.

Uchrashuv davomida yigʻilgan ikki mamlakat vakillari samimiy suhbatdan soʻng bir birlariga esdalik sovgʻalarini topshirib, kelgusidagi ilm-fan va madaniyat sohasi boʻyicha amalga oshrilajak ishlari haqida kelishib oldilar.

Bo'lishmoq: